7 avgust kuni Toshkent viloyati O'rta Chirchiq tumanida samolyot halokati oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha keng ko'lamli qidiruv-qutqaruv o'quv mashg'uloti o'tkazildi.
Mashg'ulot ssenariysiga ko'ra, Istanbul–Toshkent yo'nalishidagi yo'lovchi samolyoti qo'nishga yaqinlashganda dispetcher va ekipaj o'rtasida aloqa uzilib, havo kemasi Toshkentga etmay halokatga uchragan.

O'quv mashg'ulotida 250 ga yaqin mutaxassis va 25 ta maxsus texnika jalb etildi. Qutqaruvchilar yong'inni o'chirish, yo'lovchilarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko'rsatish va ularni shifoxonalarga etkazish bo'yicha harakatlarni amalga oshirdi.
Mashg'ulot Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Sog'liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Toshkent xalqaro aeroporti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirdan ko'zlangan maqsad aviatsiya hodisalarida mas'ul idoralar o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirishdan iborat.






