O‘zbekistonda rieltorlik sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun 7 avgust kuni imzolangan.
Hujjatga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rieltorlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Rieltor bo‘lish uchun talabgor maxsus o‘quv kursini tamomlab, malaka imtihonidan o‘tishi va sertifikat olishi kerak. Rieltorlik tashkiloti hamda ko‘chmas mulk agentlari esa Yagona reestrga kiritilganidan so‘ng faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonunda rieltorlik xizmatlarining asosiy turlari ham belgilangan. Ular qatoriga ko‘chmas mulk bitimlarida vositachilik qilish, savdolarni tashkil etish, ishonchli boshqaruv, shuningdek, axborot, maslahat va reklama xizmatlari kiradi.
Shuningdek, xususiy sektor tomonidan multilisting tizimini joriy etish nazarda tutilgan. U orqali rieltorlik xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish va elektron shaklda axborot almashish imkoni yaratiladi.






