AsosiyJAMIYAT

Markaziy Osiyo davlatlari Sirdaryoda suv hisobini avtomatlashtirmoqchi

Markaziy Osiyo davlatlari suv hisobini avtomatlashtirish bo'yicha ish rejasini tayyorlash va maxsus ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.

'Markaziy Osiyo davlatlari Sirdaryoda suv hisobini avtomatlashtirmoqchi'ning rasmi

Markaziy Osiyo davlatlari Sirdaryo havzasida suv resurslarini avtomatik hisobga olish tizimini kengaytirish bo'yicha ish rejasini tayyorlaydi. Sentyabr oxirigacha ishtirokchi davlatlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilishi kutilmoqda.

Bu haqda 7 avgust kuni Qozog'istonning Turkiston shahrida o'tkazilgan Davlatlararo suv xo'jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 94-yig'ilishida kelishib olindi. Bu haqda Suv xo'jaligi vazirligi xabar berdi.

Yig'ilishda 2026 yilgi vegetatsiya davri uchun Amudaryo va Sirdaryo havzalaridan suv olish limitlari hamda suv omborlarining ish rejimi muhokama qilindi. Ma'lum qilinishicha, 1 apreldan buyon Shardara suv omboriga qariyb 3 milliard kub metr suv kelib tushgan. Hozir Sirdaryo havzasidagi vaziyat barqaror deb baholanmoqda.

Shuningdek, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi suv munosabatlari bo'yicha qo'shma ishchi komissiya yig'ilishida ikki davlat hududida joylashgan 10 ta gidropostni avtomatlashtirish loyihasi muhokama qilindi. Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun grant mablag'larini jalb qilishni tezlashtirishga kelishdi.

    Boshqa yangiliklar