8 avgust kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Suhbatda Vashingtonda o‘tkazilgan sammitdan bir yil o‘tgani munosabati bilan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik jarayoni muhokama qilindi. Tomonlar uzoq yillar davom etgan mojaroga barham berilganini ta'kidladi.
Muloqot davomida Ozarbayjon va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, TRIPP transport loyihasini amalga oshirish hamda mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ilhom Aliyev Donald Trampga Vashington sammitidagi roli, shuningdek, Ozarbayjonni G20 sammitiga taklif qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar Ozarbayjon va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha hamfikr ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilgan edi.






