Samarqand viloyatidagi 4 ta tumandan jami 17 226,5 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 8 avgust kuni bo‘lib o‘tgan 18-yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Samarqand tumanini tugatish va uning 28 295 gektar yer maydonini Toyloq tumaniga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Samarqand shahri tarkibiga Samarqand tumanidan 13 308 gektar, Oqdaryo tumanidan 1410,6 gektar, Toyloq tumanidan 1265,6 gektar va Pastdarg‘om tumanidan 1242,3 gektar yer o‘tkaziladi.
Senatorlarga ko‘ra, hududlarni qayta taqsimlash shahar infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya va turizm salohiyatini oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, yangi chegaralar kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishi kutilmoqda.






