Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi AQShga Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun bir qator shartlarni ilgari surdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Eron AQShdan harbiy tahdid qilmaslik kafolatini berish, mintaqadagi qo‘shinlarini olib chiqish, Eron portlariga qo‘yilgan dengiz blokadasini bekor qilish, sanksiyalarni olib tashlash va muzlatilgan aktivlarni qaytarishni talab qilmoqda. Shuningdek, Eron harbiy zarbalar uchun tovon to‘lashni ham so‘ragan.
Tehron, shuningdek, Livan, Falastin, Yaman va Iroqdagi Eron ittifoqchilariga qarshi "tajovuz"ni to‘xtatishni talab qilgan.
Vashington hozircha bu talablarga munosabat bildirmagan. The New York Times ma'lumotlariga ko‘ra, Donald Tramp ma'muriyatining Eron shartlariga rozi bo‘lish ehtimoli past.
Ayni paytda Eron va Ummon Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini tiklash bo‘yicha alohida muzokaralar olib bormoqda.
Hormuz bo‘g‘ozi dunyodagi eng muhim neft va gaz tashish yo‘llaridan biri hisoblanadi. Uning yopilishi jahon energetika bozori va neft narxlariga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.






