AsosiyJAMIYAT

Jizzaxda profilaktika inspektori ayolga kuch ishlatgani yuzasidan tekshiruv boshlandi

Ma'lum qilinishicha, voqea 5 avgust kuni soat 21:30 atrofida Forish tumanidagi "Oqtepa" MFYda joylashgan restoranda sodir bo'lgan.

'Jizzaxda profilaktika inspektori ayolga kuch ishlatgani yuzasidan tekshiruv boshlandi'ning rasmi

Jizzax viloyatining Forish tumanida profilaktika inspektori ayolga kuch ishlatgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 5 avgust kuni soat 21:30 atrofida Forish tumanidagi “Oqtepa” MFYda joylashgan restoranda sodir bo‘lgan. IIBga restoran xodimlaridan bir guruh mast shaxslar buyurtma qilingan taomlar uchun haq to‘lamay, janjal qilayotgani haqida xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga profilaktika inspektorlari va Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari yetib borib, jamoat tartibini saqlash choralarini ko‘rgan.

IIB ma’lumotiga ko‘ra, tartibbuzarlardan biri — muqaddam sudlangan ayol — xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, janjalni davom ettirgan. Shundan so‘ng u belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, mast holatda bo‘lgan shaxslarni vaqtincha saqlash va reabilitatsiya qilish punkti — “hushyorxona”ga joylashtirilgan.

Tibbiy ko‘rik davomida ayolning tanasida hech qanday jarohat aniqlanmagan. 

Keyinchalik ushbu ayolning qizi “hushyorxona”ga kelib, jamoat tartibini buzgan holda xodimlarni turli haqoratli so‘zlar bilan haqorat qilgan va ularga tan jarohati yetkazishga uringan.

Jizzax viloyati IIB ma’lumotida aytilishicha, yuzaga kelgan vaziyat qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etilgan. Fuqarolarga nisbatan qo‘l kishani, rezina tayoq yoki elektroshoker kabi maxsus vositalar qo‘llanilmagan.

Hozirda voqeada ishtirok etgan barcha shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Qonun nima deydi?

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishni ta’minlamasa, xodim ayrim holatlarda jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega. 

Jumladan, jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlikka chek qo‘yish, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va ushlab turish, shuningdek, xodimning qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatilishi mumkin.

Shu bilan birga, homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga etmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi.

    Boshqa yangiliklar

    Jizzaxda profilaktika inspektori ayolga kuch ishlatgani yuzasidan tekshiruv boshlandi - Darakchi.uz