Qozog‘iston hududida faoliyat yuritgan o‘zbekistonlik blogger Mahmud Hikmatov xalqaro qidiruvga berildi. U "Maxa.dxb" taxallusi bilan tanilgan. Bu haqda Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2000 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan Mahmud Hikmatovga nisbatan Qozog‘iston sudi tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Tergovga ko‘ra, Hikmatov Qozog‘iston hududida faoliyat yuritgan 5 dan ortiq noqonuniy onlayn-kazino ishini ta’minlash, pul mablag‘larini qabul qilish va to‘lash, shuningdek, Qozog‘iston fuqarolarini qimor o‘yinlariga jalb qilish maqsadida reklama tarqatishda gumonlanmoqda.
Qayd etilishicha, noqonuniy totalizatorlarni targ‘ib qilish uchun tashkilotchilar bloggerni hamkorlikka jalb qilgan. Unga Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi influyenserlarni topish va ular orqali reklama kontenti joylashtirilishini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Hikmatov 35 nafardan ortiq blogerni hamkorlikka jalb qilgan. Ular orasida blogger Hamza Q. ham bo‘lgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, Hamza Q. internet-kazinolarga olib boruvchi referal havolalarni joylashtirgan va har bir foydalanuvchi ushbu havola orqali o‘tgani uchun mukofot olgan. Bunday reklama Qozog‘iston fuqarolarini taqiqlangan qimor faoliyatiga jalb qilishga qaratilgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Hamza Q. joriy yil 6 avgust kuni Vyetnamdan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilingan.






