Armaniston sobiq bosh vaziri Ovik Abramyanning o‘g‘li Argam Abramyan ikki oy muddatga hibsga olindi. U 2023 yilda qotillikka buyurtma berganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda The Insider xabar berdi.
Argam Abramyan sobiq deputat, shuningdek, Artashat shahrining sobiq meri hisoblanadi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Abramyan rafiqasini “Xristian injil e’tiqodi” diniy tashkiloti pastori S.V. bilan shaxsiy munosabatlarda bo‘lgan deb gumon qilgan. Shuningdek, ayoli pastorga katta miqdorda pul berib kelganini bilgan.
Aytilishicha, Abramyan qasos olish maqsadida qo‘riqchisi G.X.ga pastorni o‘ldirishni buyurgan. 2023 yil 30 aprel kuni pastor Yerevandagi turar joy binosi yaqinida otib o‘ldirilgan.
Qotillikning ehtimoliy ijrochisiga avvalroq qotillik va noqonuniy qurol muomalasi bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. 2024 yil aprel oyida uning ishi sudga yuborilgan.
Argam Abramyan 8 avgust kuni Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan. Uning advokati himoya ostidagi shaxs ayblovni tan olmayotgani va uning jinoyatga aloqadorligini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini bildirgan.
Armaniston ombudsmani Anait Manasyan esa gumonlanuvchilarning shaxsiy va oilaviy hayotiga oid ma’lumotlar oshkor qilingani uchun Tergov qo‘mitasini tanqid qilgan.
Ma’lumot uchun, Argam Abramyan tadbirkor va “Farovon Armaniston” partiyasi yetakchisi Gagik Sarukyanning qizi bilan turmush qurgan. Sarukyanning o‘zi ham iyul oyidan beri firibgarlikni tashkil etish hamda juda ko‘p miqdorda pul mablag‘larini legallashtirishda ayblanib, hibsda saqlanmoqda.
Sud Sarukyanga tegishli sement va konyak zavodlarini boshqarishni davlatga topshirgan. “Farovon Armaniston” partiyasi iyun oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida 3,9893 foiz ovoz to‘plab, parlamentga kirish uchun belgilangan 4 foizlik to‘siqdan o‘ta olmagan.






