Rossiyaning Tatariston Respublikasi Nijnekamsk shahriga dronlar hujumi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 39 kishi jarohatlandi. Hududda motam e’lon qilindi.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanovning ma’lum qilishicha, 10 avgust tongida Nijnekamsk shahrida ishlab chiqarish va fuqarolik obyektlariga zarbalar berilgan. Hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 39 kishi jarohatlangan.
Nijnekamsk meri Radmir Belyaev qurbonlar orasida bola ham borligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar sanoat obyektlaridan tashqari turar joylarga yaqin hududlarga ham zarba bergan.
Hujumdan so‘ng Nijnekamskdagi sanoat hududida yong‘in va kuchli tutun kuzatilgan. Ayrim xabarlarda shahardagi yirik neft-kimyo korxonalari joylashgan hudud ham zarba ostida qolgani aytilgan. Biroq rasmiylar qaysi obyektlarga zarar yetkazilgani haqida to‘liq ma’lumot bermagan.
Tataristonda halok bo‘lganlar xotirasiga motam e’lon qilindi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 10 avgustga o‘tar kechasi mamlakatning 16 ta hududi va Rossiya nazoratidagi Qrim osmonida 456 ta Ukraina droni urib tushirilgan.
Jumladan, Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar hududda 70 dan ortiq dron zararsizlantirilganini ma’lum qilgan. Kaluga viloyati rahbari Vladislav Shapsha esa 16 ta dron urib tushirilganini bildirgan.
Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, poytaxt tomon uchib kelgan 18 ta dron zararsizlantirilgan.
Rossiya nazoratidagi Sevastopolda esa dron bo‘laklari qulashi oqibatida Injir plyaji hududida yong‘in chiqqan. Plyajdagi kempingda bo‘lganlar evakuatsiya qilingan.
Rossiya rasmiylari hujumlarni Ukraina dronlari amalga oshirganini bildirgan. Ukraina tomoni esa mazkur hujum bo‘yicha hozircha rasmiy munosabat bildirmagan.






