AsosiyJAMIYAT

"Izzat Nazarbek" laqabli shaxs 70 ming dollar tovlamachilikda gumonlanib, qo‘lga olindi

Toshkentda fuqaroni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, undan 70 ming AQSh dollari undirganlikda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi.

'"Izzat Nazarbek" laqabli shaxs 70 ming dollar tovlamachilikda gumonlanib, qo‘lga olindi'ning rasmi

Uning yonidan ikki dona to‘pponcha, o‘q-dorilar va pichoqlar ham topilgan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ikki nafar fuqaro murojaat qilib, o‘zini "Izzat" deb tanishtirgan shaxs va uning sheriklari tomonidan qo‘rqitish hamda bosim o‘tkazish orqali ulardan katta miqdorda pul undirilganini bildirgan.

Murojaatchilardan biri 2019 yilda "Izzat" ismli shaxs bilan hamkorlik qila boshlaganini aytgan. Keyinchalik gumonlanuvchi undan ko‘proq pul talab qilib, o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Bu holat 2–3 yil davom etgan.

Yana bir murojaatchi esa gumonlanuvchi undan turli vaqtlarda 3–4 ming va 5 ming dollardan pul olganini bildirgan. Uning aytishicha, mebel tayyorlash bilan bog‘liq mojarodan keyin ham unga bosim o‘tkazilgan.

"Umumiy hisobda jami 70 ming AQSh dollarini mendan tazyiq qilib, kuch ishlatib oldi. Bermayman desam, urardi", degan murojaatchilardan biri.

Birinchi murojaatchi BMW X5 rusumli avtomobil uchun 30 ming dollar, oshxona mebeli uchun esa 15 ming dollar berishga majbur qilinganini aytgan. Undan umumiy hisobda 70 ming dollar olingani bildirilmoqda.

Ikkinchi murojaatchi esa biznesga majburan sherik qilingani, Turkiyada jinoyat olami vakili bilan uchrashdirilgani hamda unga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilganini bildirgan. U qo‘rqitish orqali avtomobil sotib olishga va 38 ming dollar berishga majbur qilinganini aytgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida yana bir ayol ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. U gumonlanuvchi shaxsiy suratlarini tarqatish bilan qo‘rqitib, uchrashish va jinsiy aloqa qilishga majburlaganini bildirgan.

"O‘sha shaxsiy rasmlarni tarqatish bilan qo‘rqitdi. Keyin Instagram'ga chiqarib yuboraman, sharmanda qilaman, dedi. Ko‘rishganimizda ham zo‘ravonlik qildi, tazyiq o‘tkazdi", degan ayol.

Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchining shaxsi aniqlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 1988 yilda tug‘ilgan Isoq ismli shaxs bo‘lib, "Izzat Nazarbek" laqabi bilan tanilgan.

U Uchtepa tumanidagi sport zallaridan birida qo‘lga olingan.

Qo‘lga olishdan so‘ng o‘tkazilgan ko‘zdan kechirishda gumonlanuvchiga tegishli "Baykal" rusumli ikki dona to‘pponcha, ularga mos o‘q-dorilar, pichoqlar hamda to‘pponcha g‘ilofi aniqlanib, protsessual tartibda olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi "a" bandi hamda 121-moddasi 4-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar