AsosiyDUNYO

Filippinda musson yomg‘irlari sabab 12 kishi halok bo‘ldi

Tabiiy ofatlar oqibatida yuzlab uylar va infratuzilma ob’ektlariga zarar yetgan.

'Filippinda musson yomg‘irlari sabab 12 kishi halok bo‘ldi'ning rasmi

Filippinda davom etayotgan kuchli musson yomg‘irlari sabab yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, yana 8 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda 10 avgust kuni “The Star” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatning 33 ta provinsiyasida 500 mingdan ortiq aholi janubi-g‘arbiy musson ta’sirida qolgan. Yog‘ingarchilik tropik siklonlar ta’sirida yanada kuchaygan. Tabiiy ofatlar oqibatida yuzlab uylar va infratuzilma obyektlariga zarar yetgan.

Xususan, Luson orolidagi Bagio shahrida ko‘chki bir nechta uyni bosib qolishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi bedarak yo‘qolgan. Hududda qidiruv-qutqaruv ishlariga qariyb 150 nafar qutqaruvchi jalb etilgan.

Kuchli yomg‘irlar tufayli shaharning ayrim hududlarida yangi ko‘chkilar ham sodir bo‘lgan.

Filippin Prezidenti Ferdinand Markos kichik 10 avgust kuni kuchli yog‘ingarchiliklar shaharlar va asosiy ko‘chalarni suv bosishiga olib kelgani sabab davlat xizmatchilarini masofadan ishlashga o‘tkazishni buyurdi.

Shuningdek, Manila metropoliyasi va o‘ndan ortiq provinsiyadagi maktablarda muqobil ta’lim usullarini joriy etish topshirildi.

Filippindagi kuchli yog‘ingarchiliklar janubi-g‘arbiy musson hamda tropik siklonlar ta’sirida yuzaga kelgan.

    Boshqa yangiliklar