AsosiyJAMIYAT

Tataristondagi fojia: 8 nafar o'zbekistonlikning o'limi ortidan Hukumat komissiyasi tuzildi

Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi.

'Tataristondagi fojia: 8 nafar o'zbekistonlikning o'limi ortidan Hukumat komissiyasi tuzildi'ning rasmi

Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida Nijnekamsk shahrida faoliyat yuritgan qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Yana bir nechta o‘zbekistonlik turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Prezident topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas‘ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan.

Komissiyaga hodisa oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolaridan xabar olish, ularga zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lganlarni maxsus reys orqali O‘zbekistonga olib kelish hamda ularning oila a‘zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Rossiyaga yuborilgan.

Hozirda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari voqea joyida bo‘lib, Rossiya tomoni vakillari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

FVV ma‘lum qilishicha, jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari haqida tezkor ma‘lumot olish uchun Qozon shahridagi Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasiga murojaat qilish mumkin.

    Boshqa yangiliklar