Surxondaryo viloyati Angor tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan YPH xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, ularga tan jarohati yetkazgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa 9 avgust kuni sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, 39 yoshli T.U. "Damas" avtomashinasida harakatlanib ketayotganda xizmat olib borayotgan YPH xodimlarini ko‘rgan va harakat yo‘nalishini o‘zgartirib, qochishga uringan.
YPH xodimlari avtomashinani kuzatib borgan. Haydovchi Ilg‘or mahallasidagi yashash uyi yaqinida mashinadan tushib, qochishga harakat qilganida xodimlar uni to‘xtatgan.
Shundan so‘ng haydovchidan spirtli ichimlik hidi kelayotgani aniqlangan va uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib borishga harakat qilingan.
Biroq shu vaqtda voqea joyiga haydovchining ukasi T.O., turmush o‘rtog‘i N.N., yana bir ukasi T.Z. hamda qo‘shnisi M.M. yetib kelgan.
Ular xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan va ikki nafar YPH xodimiga tan jarohati yetkazgan.
Hodisa yuzasidan Angor tumani prokuraturasi va IIB tezkor-tergov guruhi vakillari voqea joyiga borib, holatni o‘rgangan.
Shu kuni fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi — hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






