2026 yilning yanvar–iyul oylarida Soliq qo‘mitasiga 29 ming 806 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 95 foizi, ya’ni 28 ming 311 tasi hal etilgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, murojaatlarning 82 tasi tegishli tashkilotlarga yuborilgan. 43 ta murojaatni o‘rganish jarayonida ularda keltirilgan holatlar tasdig‘ini topmagan. 45 ta murojaat anonim bo‘lgani sababli ko‘rib chiqilmagan. Yana 1 ming 325 ta murojaat belgilangan muddat doirasida ko‘rib chiqilmoqda.

Murojaatlarning eng katta qismi soliqlarga oid tushuntirishlar berish bilan bog‘liq. Xususan, 13 ming 397 ta murojaatda fuqarolar soliq masalalari bo‘yicha tushuntirish so‘ragan.
Shuningdek, 368 ta murojaatda soliqlardan ozod qilish yoki imtiyozlar berish so‘ralgan. 176 ta murojaatda Soliq qo‘mitasi tizimi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida xabar berilgan.
16 ta murojaatda esa tadbirkorlar faoliyatidagi qonunbuzarliklar haqida ma’lum qilingan.
Qolgan murojaatlar ma’lumot taqdim etish, ijtimoiy masalalar, minnatdorlik bildirish va boshqa masalalarga oid bo‘lgan.
Kelib tushgan murojaatlar soni bo‘yicha hududlar orasida Toshkent shahri yetakchi bo‘lgan. Poytaxtdan 10 ming 732 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu umumiy murojaatlarning 36 foizini tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 2 ming 701 ta, ya’ni 9,1 foiz, Samarqand viloyati — 2 ming 450 ta, ya’ni 8,2 foiz murojaat bilan qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Soliq qo‘mitasiga 26 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan edi. Demak, bir oy davomida qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar soni 2 ming 200 tadan ortiqqa oshgan.






