AsosiyDUNYO

G'arbiy Yevropada 27 yildan so'ng ilk bor Quyosh to'liq tutildi

Mutaxassislar Quyosh tutilishini maxsus himoya ko‘zoynaklarisiz kuzatmaslikni tavsiya qilmoqda.

'G'arbiy Yevropada 27 yildan so'ng ilk bor Quyosh to'liq tutildi'ning rasmi

Bugun, 12 avgust kuni G‘arbiy Yevropaning materik qismida 27 yildan beri birinchi marta Quyoshning to‘liq tutilishi kuzatilmoqda. Bu 1999 yildan buyon mintaqadagi ilk to‘liq Quyosh tutilishi hisoblanadi. 

Noyob astronomik hodisa Oy Quyoshni to‘liq to‘sib qo‘yishi natijasida yuzaga keladi. To‘liq tutilish yo‘li Shimoliy Sibir hududlaridan boshlanib, Shimoliy muz okeani va Grenlandiyaning sharqiy qismi orqali o‘tib, Islandiyaning g‘arbiy qismi hamda Ispaniyaning shimoliga yetib boradi. Tutilish yo‘li shuningdek Portugaliyaning shimoli-sharqiy qismiga ham qisqa muddat tegadi. 

To‘liq tutilishni kuzatish uchun eng qulay nuqtalardan biri Islandiya bo‘ldi. Mamlakat poytaxti Reykyavikda Quyoshning to‘liq tutilishi mahalliy vaqt bilan soat 17:48 da kuzatildi.

Ispaniyaning shimolidagi A-Korunya va Bilbao shaharlarida esa to‘liq tutilish Quyosh botishidan biroz oldin, taxminan soat 20:28 da boshlandi. Madrid va Barselonada Quyoshning faqat bir qismi Oy bilan to‘sildi. 

To‘liq Quyosh tutilishi vaqtida Oy Quyosh diskini butunlay berkitadi. Natijada kunduzi qisqa vaqtga qorong‘ulik tushadi, havo harorati pasayadi va ayrim hududlarda yulduzlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Yevropaning katta qismida esa tutilish qisman kuzatiladi. Buyuk Britaniya, Irlandiya, Fransiya va Italiyada Oy Quyoshning sezilarli qismini to‘sadi. Shimoliy Afrikaning ayrim hududlarida ham ushbu hodisani qisman kuzatish imkoni bo‘ldi. 

Mutaxassislar Quyosh tutilishini maxsus himoya ko‘zoynaklarisiz kuzatmaslikni tavsiya qilmoqda. Quyoshga oddiy ko‘z bilan qarash ko‘rish qobiliyatiga jiddiy zarar etkazishi mumkin.

Aytish joiz, Ispaniya yaqin yillarda yana ikki marta noyob astronomik hodisaga guvoh bo‘ladi. 2027 yil 2 avgustda mamlakat hududidan navbatdagi to‘liq Quyosh tutilishi o‘tadi. 2028 yil 26 yanvarda esa Ispaniyada halqasimon Quyosh tutilishi kuzatiladi. 

G‘arbiy Yevropada keyingi to‘liq Quyosh tutilishini ko‘rish uchun esa ancha uzoq kutishga to‘g‘ri keladi.

    Boshqa yangiliklar