AsosiyJAMIYAT

“Delfin” tayfuni sabab Pekinda ommaviy evakuatsiya boshlandi

Ma'lum qilinishicha, suv toshqini va ko'chki xavfi yuqori bo'lgan hududlarda istiqomat qiluvchi minglab kishi xavfsiz joylarga ko'chirilgan.

'“Delfin” tayfuni sabab Pekinda ommaviy evakuatsiya boshlandi'ning rasmi

“Delfin” tayfunining qoldiqlari Xitoy poytaxti Pekinda kuchli yog‘ingarchiliklar keltirib chiqarib, ommaviy evakuatsiya ishlari boshlanishiga sabab bo‘ldi. Sinoptiklar yaqin 24 soat ichida shaharga 150 millimetrdan ortiq yog‘ingarchilik yog‘ishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich 200 millimetrdan oshishi kutilmoqda. Bu Pekindagi yillik o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdorining uchdan bir qismidan ko‘prog‘iga teng.

Ma’lum qilinishicha, suv toshqini va ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi minglab kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

12 avgust kuni Pekinda kuchli yog‘ingarchilik bo‘yicha ogohlantirishning ikkinchi darajasi — to‘q sariq signal e’lon qilingan.

Shahar hokimiyati yuzlab sayyohlik obyektlari va kempinglarni vaqtincha yopgan. 1300 dan ortiq sayyoh evakuatsiya qilingan yoki ularning xavfli hududlarga kirishi cheklangan.

Shuningdek, qariyalar uylarida istiqomat qiluvchi qariyb 5000 nafar keksa xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Tog‘li va suv bo‘yidagi hududlarda, shuningdek, qurilish maydonlari yaqinida yashovchi qariyb 1800 kishi ham evakuatsiya qilingan.

“Delfin” tayfuni dastlab Xitoyning Chjetszyan provinsiyasi hududiga yetib kelgan va kuchli yog‘ingarchiliklar keltirib chiqargan. Tayfun kuchsizlanib, tropik depressiyaga aylangan bo‘lsa-da, uning qoldiq namligi Xitoyning shimoliy va markaziy hududlarida kuchli yomg‘irlarga sabab bo‘lmoqda.

Pekinda vaziyat tufayli transport harakati ham cheklangan. Ayrim avtobus yo‘nalishlari to‘xtatilgan, temiryo‘l qatnovlarida esa kechikishlar kuzatilmoqda.

Xitoyning Xenan provinsiyasida ham kuchli yog‘ingarchilik xavfi tufayli eng yuqori — qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qilingan. Ayrim hududlarda 350 millimetrgacha yog‘ingarchilik yog‘ishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar