Surayyoxon Rustamovna Xo‘jamqulova O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Surayyoxon Xo‘jamqulova mazkur lavozimga tayinlanganiga qadar Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, u avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida tergov sudyasi bo‘lib ishlagan.
Qayd etilishicha, Oliy sud Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Aziz Obidov ayni tuzilmada mas’ul xodim sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. U 2019 yil noyabr oyida ushbu lavozimga tayinlangan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Oliy sudning Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi 2023 yilda Oliy sudning Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida tashkil etilgan. Markazning asosiy vazifalaridan biri sudlar faoliyati haqida jamoatchilikka ochiq, tezkor va xolis axborot yetkazishdan iborat.






