Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi ushbu xabarga munosabat bildirdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxs darknetda Qozog‘istonning 15 million aholisiga oid ma’lumotlar bazasini sotuvga qo‘ygan. Postda ushbu baza mamlakat aholisining qariyb to‘rtdan uch qismini qamrab olishi aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, sotuvchi ma’lumotlar bazasini elektron hukumatning eGov tizimiga hakerlik hujumi orqali qo‘lga kiritganini da’vo qilgan. shymzz13 taxallusli foydalanuvchi 2,7 gigabayt hajmdagi faylni 0,5 bitkoinga, ya’ni qariyb 32 ming dollarga baholagan.
Unda pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, ish joylari, hujjatlarning skan-nusxalari va parollardan iborat 47 million qator ma’lumot borligi aytilgan.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar mazkur bazani Ukrainadagi qo‘ng‘iroq markazlari sotib olishidan xavotir bildirgan. Biroq ma’lumotlar bazasining haqiqiyligi va uning eGov tizimidan olingani hozircha tasdiqlanmagan.
"Nur.kz" muxbiri Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qilgan. Vazirlik fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqani va darknetga joylashtirilgani haqidagi xabarlardan xabardor ekanini ma’lum qilgan.
"Hozirda tegishli xizmatlar bilan birgalikda e’lon qilingan axborot texnik jihatdan tekshirilmoqda. Jumladan, taqdim etilgan ma’lumotlar namunalari tahlil qilinib, ularning ehtimoliy kelib chiqish manbasi aniqlanmoqda.
Ayni vaqtda elektron hukumat axborot tizimlari buzib kirilgani yoki ushbu baza bevosita eGov tizimidan olingani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar mavjud emas", deyiladi vazirlik munosabatida.
Shu bilan birga, vazirlik tarqatilgan ma’lumotlarning bir qismi elektron hukumat tizimidagi ma’lumotlarning tuzilishi va formatiga mos kelmasligiga e’tibor qaratgan.
Xususan, eGov tizimida pasportlarning skan-nusxalari xabarda aytilgan shaklda saqlanmasligi, raqamli hujjatlar esa boshqa formatga ega ekani qayd etilgan.
Vazirlikka ko‘ra, darknet foydalanuvchisining baza eGov tizimidan olingani haqidagi bayonotining o‘zi elektron hukumat tizimi buzib kirilganini tasdiqlamaydi.
Texnik tekshiruv davom etmoqda. Uning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi bildirilgan.
Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi fuqarolarga raqamli xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni tavsiya qildi. Xususan, SMS-kodlar, parollar va elektron raqamli imzo ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslik, shubhali havolalarga o‘tmaslik hamda turli xizmatlar uchun bir-biridan farq qiluvchi parollardan foydalanish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil iyun oyida ham Qozog‘iston fuqarolarining 16 milliondan ortiq shaxsiy ma’lumotlari internetga sizib chiqqani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Qayd etish joiz, bir necha kun avval O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kompyuter hamda serverlariga RDP (Remote Desktop Protocol) xizmati orqali ruxsatsiz kirishga qaratilgan ommaviy kiberhujumlar aniqlangan edi.






