AsosiyJAMIYAT

AQSHda harbiy vertolyot qulab tushdi: ikki askar halok bo‘ldi

AQSHning Texas shtatida armiyaga qarashli “Apachi” rusumli harbiy vertolyot halokatga uchradi.

'AQSHda harbiy vertolyot qulab tushdi: ikki askar halok bo‘ldi'ning rasmi

Hodisa oqibatida uning bortida bo‘lgan ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi.

12-avgust kuni Texas shtatidagi Bell okrugida, Ostin shahrining shimolida joylashgan hududda Fort-Hud harbiy bazasiga biriktirilgan AH-64 “Apachi” hujumkor vertolyoti qulab tushgan.

Ma’lum qilinishicha, vertolyot dala hududiga qulaganidan so‘ng katta maydonda yong‘in boshlangan. Voqea joyiga bir nechta mahalliy yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari jalb etilgan.

Bell okrugi Sherif idorasi vakili Kliff Koulmanning ma’lum qilishicha, voqea joyida okrug sudyasi vertolyot bortida bo‘lgan ikki kishining halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Texas gubernatori Greg Ebbott ham hodisani tasdiqlab, “Apachi” vertolyoti Fort-Huddagi operatsiyalar vaqtida halokatga uchragani va ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini bildirgan.

Fort-Hud harbiy bazasi halok bo‘lgan askarlarning shaxsi ularning yaqinlariga xabar berilguniga qadar oshkor etilmasligini ma’lum qildi.

Hozircha vertolyotning qulash sababi ma’lum qilinmagan. Hodisa yuzasidan tekshiruv boshlangan.

    Boshqa yangiliklar