Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida YPH xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi patrul mashinasini urib, voqea joyidan qochishga uringan. U tezkor tadbirlar natijasida ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, tungi xizmatga jalb qilingan YPH inspektorlari hujjatlarni tekshirish maqsadida “Nexia-2” rusumli avtomobilni to‘xtatgan. Biroq haydovchi inspektorning qonuniy to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan harakatlanib ketgan.
Keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan boshqa YPH xodimi ham haydovchiga bir necha bor to‘xtash ishorasini bergan. Ammo u ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, harakatini davom ettirgan.
Shundan so‘ng patrul ekipaji haydovchining harakatini qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan “Nexia-2” rusumli xizmat avtomobili yordamida cheklagan. Biroq haydovchi patrul mashinasiga urilib, yana voqea joyidan qochishga uringan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida haydovchining shaxsi aniqlanib, u qo‘lga olingan.
Haydovchi o‘z qilmishiga izoh berib, hujjatlari yo‘qligi sababli YPH xodimlaridan qo‘rqqanini aytgan.
“Hujjatim yo‘qligi sababli “GAI” xodimlaridan qo‘rqib, qarama-qarshi harakatlandim. Qilgan ishimdan afsusdaman. Boshqa takrorlanmaydi”, — degan u.






