AQSh Prezidenti Donald Trampning matbuot kotibi Karolin Levitt avgust oyi oxirida lavozimini tark etishini ma'lum qildi. U qarorini ikki nafar kichik farzandiga ko'proq vaqt ajratish istagi bilan izohlagan.
Karolin Levitt bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, Oq uy matbuot kotibi lavozimi katta vaqt, kuch va e'tibor talab qiladi. Shu bois u farzandlariga munosib darajada vaqt ajrata olmayotganini his qilgan.
Levitt may oyida ikkinchi farzandi — Vivian ismli qizini dunyoga keltirgan. U bir muddat tug'ruq ta'tilida bo'lib, keyin Oq uydagi ishiga qaytgan edi. Uning ikki yoshli o'g'li ham bor.
"Qizim tug'ilganidan keyin Oq uyga qaytganimda, agar matbuot kotibi lavozimi talab qiladigan darajada vaqt, kuch va e'tiborimni ishga bag'ishlasam, ikki nafar kichik farzandimga munosib ona bo'la olmasligimni butun qalbim bilan his qildim", — deb yozdi Levitt.
U Trampga ishonch bildirgani va uning nomidan Oq uy minbaridan nutq so'zlash imkoniyatini bergani uchun minnatdorlik bildirdi.
Donald Tramp ham Levittning qaroriga munosabat bildirib, uni Oq uydagi faoliyati uchun maqtadi. Prezident uni o'zining eng ishonchli yordamchilaridan biri deb atadi. Tramp hozircha matbuot kotibi lavozimiga kim tayinlanishini ma'lum qilmagan.
28 yoshli Karolin Levitt 2025 yil yanvar oyida Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan so'ng Oq uy matbuot kotibi etib tayinlangan. U ushbu lavozimni egallagan eng yosh shaxs hisoblanadi.
Levitt 2024 yilgi prezidentlik saylovi davrida ham Trampning saylovoldi kampaniyasi matbuot kotibi sifatida ishlagan.
U matbuot kotibi lavozimini tark etgach ham Tramp bilan ishlashda davom etishi va uning tashqi maslahatchilaridan biri bo'lishi kutilmoqda.






