Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi mutaxassislari xalqaro tadqiqotchilar bilan hamkorlikda Sopollitepadan topilgan uchta qadimiy pilla namunasini oʻrgangan. Ilmiy tahlillar ularning tut ipak qurti — Bombyx moriga tegishli ekanini koʻrsatgan.
Radiokarbon tahliliga koʻra, namunalar miloddan avvalgi 1940—1765 yillarga tegishli. Bu ularni Markaziy Osiyoda ipak qurti yetishtirilganini koʻrsatuvchi eng qadimiy ishonchli dalillardan biriga aylantiradi.
Tadqiqot davomida Sopollitepadan tut daraxtiga tegishli yogʻoch qoldiqlari ham aniqlangan. Tut barglari tut ipak qurtining asosiy ozuqasi hisoblanadi. Olimlar bu dalillar birgalikda bronza davridayoq hudud aholisi tut daraxtlarini yetishtirib, ipak qurtini boqish texnologiyasini oʻzlashtirgan boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan.
Olimlarning fikricha, mazkur kashfiyot ipakchilik texnologiyasi Markaziy Osiyoga Buyuk ipak yoʻli shakllanishidan qariyb 2 ming yil oldin yetib kelganini koʻrsatishi mumkin. Bu esa ipakchilikning qadimgi dunyoda tarqalishi haqidagi tasavvurlarni qayta koʻrib chiqishga asos boʻladi.
Tadqiqot natijalari 2026 yilda Science Advances jurnalida eʼlon qilingan.






