Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, "diniy ekstremizm" atamasi "ekstremizm" tushunchasi bilan almashtiriladi.
Senat ma’lum qilishicha, mazkur o‘zgartish ekstremizmni muayyan din bilan bog‘lashning oldini olish hamda qonunchilikda ekstremizmga nisbatan yagona yondashuvni ta’minlashga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan materiallarni tayyorlash yohud tarqatish maqsadida saqlash kabi ayrim qilmishlar birinchi marta sodir etilganda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday harakatlar takroran sodir etilsa, jinoiy javobgarlik qo‘llanadi.
Shuningdek, ekstremistik tashkilotlarni tuzish, boshqarish va ularda ishtirok etish uchun javobgarlik choralari tabaqalashtiriladi. Tashkilotda ishtirok etganlik uchun yengilroq, uni tuzish yoki boshqarganlik uchun esa og‘irroq jazo belgilanadi.
Qonun bilan "ekstremizm" tushunchasiga aniq ta’rif berilib, uning tarkibiga kiruvchi sakkizta xatti-harakat belgilab qo‘yiladi. Bu mazkur tushunchaning qonunchilikda turlicha talqin qilinishining oldini olishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning yagona elektron reestrini yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslarning ma’lumotlarini sir saqlash va ularni davlat tomonidan himoya qilish mexanizmlari ham joriy etiladi.






