Ijtimoiy tarmoqlarda boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish tartibiga oid turli xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi, Iqtisodiyot va moliya hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarining tegishli qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Nizomning 15-bandiga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchining boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishli fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olgani inobatga olinadi.
Vazirlikka ko‘ra, ushbu talab boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’lim va tarbiya sifatini oshirish, shuningdek, dars soatlarini taqsimlashdagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan.
Qayd etilishicha, 7–10 yoshli bolalarning tushunchalarni idrok etishi va fanlarni o‘zlashtirish jarayoni yuqori sinf o‘quvchilarinikidan farq qiladi. Shu bois boshlang‘ich sinflarda, jumladan, jismoniy tarbiya fanini o‘qitish ham alohida metodik yondashuvni talab etadi.
Yangi tartibga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi o‘qituvchining ushbu sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha tegishli ta’lim olgan bo‘lishi talab etiladi.
Shu bilan birga, boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari ham ushbu sinflarda dars berish huquqiga ega.






