"Tolibon" ISHID-Xuroson va boshqa qurolli guruhlarga qarshi kurashayotganiga qaramay, Afg'onistondagi terrorchilik xavfini to'liq bartaraf eta olmayapti. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashining sanksiyalarni monitoring qilish guruhi hisobotida aytilgan.
10 avgust kuni e'lon qilingan hisobotga ko'ra, Afg'oniston hanuz Markaziy Osiyo va qo'shni davlatlar uchun jiddiy xavf manbai bo'lib qolmoqda.
Hujjatda ISHID-Xuroson "Tolibon" hukumati va mintaqa uchun eng katta tahdidlardan biri sifatida qayd etilgan. Guruh "Tolibon" va Pokiston maxsus kuchlari operatsiyalari natijasida katta yo'qotishlarga uchragan bo'lsa-da, o'z salohiyatini qayta tiklagan. BMT ekspertlari uning yirik teraktlar sodir etish imkoniyati saqlanib qolayotganini bildirgan.
ISHID-Xuroson jangarilari asosan Afg'onistonning shimoli va Pokiston bilan chegara hududlariga ko'chgan. Guruh a'zolari dronlar, tungi ko'rish moslamalari va termal qurilmalardan foydalanayotgani aytilgan.
Hisobotda "Tolibon Pokistoni" (TTP) guruhi faollashgani ham qayd etilgan. Uning Pokistondagi hujumlari Kobul va Islomobod o'rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirgan. BMT ma'lumotlariga ko'ra, TTP jangarilari Afg'oniston hududida erkin harakatlanmoqda.
Shuningdek, "Al-Qoida"ning Afg'onistondagi mavqei saqlanib qolayotgani va tashkilot TTPga g'oyaviy, harbiy hamda logistik yordam ko'rsatayotgani bildirilgan.
Hujjatda "Sharqiy Turkiston islomiy harakati" (ETIM/TIP) faoliyati, shuningdek, AQSh va sobiq Afg'oniston hukumati armiyasidan qolgan qurol-yaroqlarning qurolli guruhlar qo'liga o'tayotgani ham xavf sifatida ko'rsatilgan.
BMT ekspertlari ISHID-Xurosonning kimyoviy va biologik qurollarga qiziqishi, shuningdek, targ'ibot materiallarini tayyorlashda sun'iy intellektdan foydalanayotganini ham qayd etgan.
"Tolibon" matbuot kotibi Zabehullo Mujohid esa hisobotdagi ayblovlarni rad etib, unda tilga olingan terrorchi guruhlarning Afg'onistonga aloqasi yo'qligini bildirdi.






