Rossiyaning Omsk shahrida qurilayotgan ko'p qavatli uyda 15 avgust kuni sodir bo'lgan yong'in oqibatida jami 11 nafar ishchi jabrlangan. Ularning ikki nafari O'zbekiston fuqarolari ekani ma'lum qilingan. Bu haqda Rossiya Tergov qo'mitasining Omsk viloyati bo'yicha boshqarmasi matbuot xizmati RIA Novostiga ma'lum qildi.
Yong'in Omskdagi Dravеrt kvartallari mavzesida 15 avgust kuni soat 10:30 atrofida yuz bergan. Hodisa joyidan ko'tarilgan quyuq qora tutun atrofdagilar e'tiborini tortgan.
Yong'inni bartaraf etish ishlariga 30 nafar qutqaruvchi va olti dona maxsus texnika jalb qilingan. Hodisa oqibatida 11 nafar ishchi shifoxonaga olib ketilgan. Ulardan uch nafari keyinchalik uyiga javob berilgan, bir nafari esa vafot etgan.
"Hozirda shifoxonaning reanimatsiya bo'limida etti nafar jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko'rsatilmoqda. Uch kishi shifoxonadan chiqarildi", — deyiladi Tergov qo'mitasi matbuot xizmati xabarda.
Jabrlanganlarning barchasi pudratchi tashkilot ishchilari bo'lgan. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, ularning ikki nafari O'zbekiston fuqarolari.
Tashqi ishlar vazirligining so'zlariga ko'ra, O'zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari jarohatlangan fuqarolarga zarur yordam ko'rsatish, shuningdek, hodisaning barcha sabablarini aniqlash maqsadida Omskdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va shahar hokimiyati bilan aloqada bo'lib turibdi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, yong'inga payvandlash ishlari vaqtida issiqlik izolyatsiyasi materiali — uteplitelning yonib ketishi sabab bo'lgan.
Omsk viloyati prokuraturasi hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan.






