AsosiyJAMIYAT

Tomdi sudi raisi nega yo‘lga chiqqandi?

Oliy sud tarqalgan xabarga izoh berdi.

'Tomdi sudi raisi nega yo‘lga chiqqandi?'ning rasmi

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi Aziza Mirzayeva majlisga ketayotgan vaqtda yo‘l-transport hodisasiga uchrab, halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi.

Yo‘l-transport hodisasi 15 avgust kuni tushga yaqin Zarafshon—Tomdi yo‘lida sodir bo‘lgan. Aziza Mirzayeva boshqaruvidagi Cobalt avtomobil yo‘ldan chiqib, ag‘darilib ketgan. Sudya olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Avvalroq huquq faoli Abdurahmon Tashanov 15 avgust dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, Oliy sud rahbariyati tomonidan butun sud tizimi uchun majlis o‘tkazilganini yozgan. Uning qayd etishicha, shahar va tuman sudlari rahbarlariga majlisda o‘z kabinetlaridan videokonferensaloqa orqali ishtirok etish topshirilgan.

Oliy sud esa bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Qayd etilishicha, 15 avgust kuni Oliy sud tomonidan hech qanday majlis belgilanmagan va o‘tkazilmagan. Shuningdek, sud raislarining dam olish kuni xizmat joyiga kelishini talab qiluvchi hech qanday topshiriq berilmagan.

“Hodisaning kelib chiqish sabablari va boshqa holatlariga huquqiy baho vakolatli organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi. Tekshiruv yakunlanmasdan turib marhumaning qayerga va qanday maqsadda yo‘l olgani yoki hodisa sabablari haqidagi taxminlarni tasdiqlangan fakt sifatida tarqatish o‘rinsiz”, — deyiladi Oliy sud munosabatida.

Oliy sud tekshirilmagan ma’lumot va asossiz taxminlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

    Boshqa yangiliklar

    Tomdi sudi raisi nega yo‘lga chiqqandi? - Darakchi.uz