AsosiyDUNYO

Belgiyada devor orasidan 9 mln yevrolik oltin xazina chiqdi.

Topilmani birinchi bo‘lib qurilishda ishlayotgan 18 yoshli talaba Kobe payqagan.

'Belgiyada devor orasidan 9 mln yevrolik oltin xazina chiqdi.'ning rasmi

Belgiyaning Dendermonde shahri yaqinida kanalizatsiya quvuri yotqizayotgan qurilishchilar eski binoning yerto‘lasidan qariyb 9 mln yevrolik oltin xazina topdi. Bu haqda Bild xabar berdi.

Xazina sobiq pivo zavodiga tegishli binoda ta'mirlash va kanalizatsiya ishlari vaqtida aniqlangan. Oltinlar yerto‘ladagi devor orasiga yashirilgan bo‘lgan.

Topilmani birinchi bo‘lib qurilishda ishlayotgan 18 yoshli talaba Kobe payqagan. U dastlab ko‘ringan yaltiroq tangalarni oddiy pul deb o‘ylagan. Qazish ishlari davomida esa devor orasidan oltin tangalar va quymalar chiqqan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, xazinada 49 ta oltin quyma va minglab tangalar bor. Ularning umumiy qiymati taxminan 9 mln yevro yoki 10 mln dollardan ortiq deb baholanmoqda.

Ayrim quymalarda 1957–1961 yillarga oid belgilar aniqlangan. Bino avval mahalliy pivo ishlab chiqaruvchi Van Assche oilasiga tegishli bo‘lgani sababli, xazina ularga aloqador bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Hozircha oltinning qonuniy egasi aniqlanmagan. Topilmalar politsiyaga topshirilgan, prokuratura esa ularning kelib chiqishi va jinoyatga aloqadorligini tekshirmoqda.

Xabar tarqalganidan so‘ng hududga xazina izlab odamlar kela boshlagan. Politsiya qurilish maydoniga kirmaslikka chaqirdi.

    Boshqa yangiliklar