Toshkentda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida to‘rtta dorixonada muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan 86 turdagi dori vositasi aniqlanib, savdodan olindi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ma'lum qilishicha, tekshiruvlar litsenziya talablariga rioya etilishini o‘rganish doirasida o‘tkazilgan. Bunga "Arzon apteka" Telegram-botida joylashtirilgan dori vositalari haqidagi e'lonlar asos bo‘lgan.
Shuningdek, dorixonalardan birida yaroqlilik muddati o‘tgan besh turdagi dori vositasi sotuvda turgani aniqlangan. Yana bir dorixona esa chakana savdo uchun berilgan litsenziya muddati tugagan bo‘lsa-da, faoliyatini davom ettirgan.
Markaz fuqarolarni dorilarni faqat qonuniy faoliyat yuritayotgan dorixonalardan xarid qilishga chaqirdi. Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali e'lonlardan ehtiyot bo‘lish, dori vositalarining sifati va qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirish tavsiya etildi.






