AsosiyDUNYO

2026-yilda shifoxona va tibbiyot xodimlariga 900 dan ortiq hujum qayd etildi — JSST

JSST tibbiyot muassasasiga qilingan hujum oqibatlari faqat o‘sha paytda shifoxonada bo‘lgan bemorlar va xodimlar bilan cheklanmasligini ta’kidlamoqda.

'2026-yilda shifoxona va tibbiyot xodimlariga 900 dan ortiq hujum qayd etildi — JSST'ning rasmi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2026-yilda tibbiyot muassasalari va xodimlariga qilingan 914 ta hujumni qayd etdi. Ushbu hujumlar oqibatida kamida 911 kishi halok bo‘lgan, 1 ming 486 kishi jarohatlangan. Bu har kuni o‘rtacha to‘rttadan ortiq hujum sodir bo‘lganini anglatadi.

JSSTning Favqulodda vaziyatlar va gumanitar operatsiyalar bo‘yicha direktori Altaf Musanining ta’kidlashicha, 2018-yildan beri sog‘liqni saqlash tizimiga qarshi 10,4 mingdan ortiq hujum hujjatlashtirilgan. Ularda qariyb 5,7 ming kishi halok bo‘lgan, 8,5 mingdan ziyod kishi jarohatlangan.

2026-yilda tibbiyot tizimiga qilingan hujumlardan eng ko‘p Ukraina, Livan va bosib olingan Falastin hududi jabr ko‘rgan. Bundan tashqari, Myanma, Eron, Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi, Janubiy Sudan, Rossiya, Suriya va Nigeriyada ham sog‘liqni saqlash obyektlariga hujumlar qayd etilgan.

JSST Yaqin Sharqdagi nizolar davomida Livan, Isroil va Erondagi tibbiyot muassasalariga qilingan hujumlarni ham hujjatlashtirishda davom etmoqda.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda tibbiyot muassasalariga qilingan hujumlarning eng ko‘p tarqalgan turi og‘ir qurollardan foydalanilgan zarbalar bo‘lgan.

JSST tibbiyot muassasasiga qilingan hujum oqibatlari faqat o‘sha paytda shifoxonada bo‘lgan bemorlar va xodimlar bilan cheklanmasligini ta’kidlamoqda. Bunday hujumlardan keyin bemorlar zarur tibbiy yordamdan mahrum bo‘lishi, tibbiyot xodimlari ishlay olmasligi, hayotiy muhim dori-darmonlar va boshqa tibbiy vositalar yetkazib berilishi to‘xtashi mumkin.

Altaf Musanining aytishicha, JSSTda hujumlarni qayd etish va hujjatlashtirish uchun tegishli mexanizmlar mavjud, biroq aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun zarur mandat va vakolatlar mavjud emas.

"Afsuski, tasdiqlangan 10 mingdan ortiq hujumlarning birortasi ham hanuzgacha aybdorlarni javobgarlikka tortish protsedurasi mavzusiga aylanmadi", dedi u.

    Boshqa yangiliklar