AsosiyJAMIYAT

Oʻzbekistonda aeroport va temir yoʻlni bevosita bogʻlaydigan birinchi liniya ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroportini Xiva temir yo‘l vokzali bilan bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasi bilan tanishdi.

'Oʻzbekistonda aeroport va temir yoʻlni bevosita bogʻlaydigan birinchi liniya ishga tushirildi'ning rasmi

Mazkur loyiha aeroport va temir yo‘l infratuzilmasini bevosita bog‘lash orqali yo‘lovchilar, xususan, xorijiy sayyohlar uchun qatnovni yanada qulaylashtirishga qaratilgan. O‘zbekiston temir yo‘l transporti sohasida Urganch xalqaro aeroporti — Xiva temir yo‘l tarmog‘i barpo etilgan yirik loyihalardan biri sifatida qayd etilgan.

Loyiha doirasida Urganch xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalini bog‘lovchi 11 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi qurilgan. Unda yangi bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar hamda 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etilgan.

Yangi yo‘nalish orqali yiliga qariyb 650 ming nafar mahalliy va xorijiy sayyohni tashish imkoniyati yaratiladi. Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnov vaqti esa 80 daqiqadan 40 daqiqaga qisqaradi. Loyiha doirasida 30 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etilgan.

E’tiborlisi, aeroportni temir yo‘l bilan bevosita bog‘lashga qaratilgan mazkur loyiha O‘zbekistonda birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Urganch xalqaro aeroporti — Xiva yo‘nalishida Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Olti vagondan iborat poyezd qariyb 400 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘lib, soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Poyezd vagonlarida VIP, biznes va ekonom-klass o‘rinlari, bepul Wi-Fi, elektron qurilmalarni quvvatlash imkoniyati, konditsioner va isitish tizimlari mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.

Davlat rahbari yangi elektropoyezdda Xiva shahriga bordi.

Xivada Prezident Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘laydigan yo‘nalishda qatnovga qo‘yiladigan yangi trolleybuslarni ham ko‘zdan kechirdi.

Joriy yil iyul oyida Xitoydan olib kelingan 10 ta trolleybus avtonom harakatlanish tizimi bilan jihozlangan. Ular elektr tarmog‘iga ulanmagan holda 100 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Har bir trolleybus 87 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va bolali yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratilgan. Shuningdek, USB va Type-C portlari, ichki va tashqi kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Transport vositalari haydovchi holatini kuzatish, harakat yo‘lagidan chiqib ketishdan ogohlantirish hamda avtomatik yong‘in o‘chirish kabi xavfsizlik tizimlari bilan ta’minlangan.

Davlat rahbari transport turlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish aholi va sayyohlar uchun qulaylik yaratishi, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirishi hamda Xorazmning turistik jozibadorligini oshirishini ta’kidladi.

Mutasaddilarga yangi transport vositalarida yo‘lovchilar uchun xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Boshqa yangiliklar