Qozogʻistonning Jambil viloyati Merke tumanida 19 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi Madina vafot etdi. Mahalliy Qumash.kz nashri xabar berishicha, uning oʻlimiga oilaviy janjal sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Qayd etilishicha, Madina vafotidan bir kun avval dugonasiga eri uni kaltaklaganini va uydan ketmoqchi ekanini aytgan. U eri bilan tez-tez kelishmovchilikka borgani, erkak unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani haqida bir necha bor shikoyat qilgan.
Dugonasining soʻzlariga koʻra, marhumaning soʻnggi janjali sakkiz oylik farzandi uchun olib kelingan “Barni” biskviti sabab yuzaga kelgan. Madina bolasi uchun olib kelingan shirinlikdan bir dona yeganidan soʻng eri uni urgan.
Ertasi kuni Madina dugonasiga yigʻib qoʻygan buyumlarining suratini yuborib, eri bilan yashamasligini va uydan ketmoqchi ekanini bildirgan. Shuningdek, undan 15 ming tenge soʻragan. Biroq dugonasida oʻsha vaqtda kerakli mablagʻ boʻlmagan.
Shundan soʻng Madina bilan aloqa uzilgan. Keyinroq uning qaynonasi dugonasiga qizning vafot etganini maʼlum qilgan.
Maʼlum boʻlishicha, Madina Oʻzbekiston fuqarosi, uning eri esa Qozogʻiston fuqarosi boʻlgan. Ular qarib ikki yildan buyon birga yashab kelgan va sakkiz oylik farzandi boʻlgan. Marhumaning dugonasi Madina homilador ham boʻlgan boʻlishi mumkinligini aytgan.
Dugonasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Madinaning oʻlimi holatlariga shubha bildirib, voqeani sinchkovlik bilan tergov qilishga chaqirgan. U marhumaning tanasida jarohat izlari boʻlganini aytgan. Biroq bu maʼlumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Jambil viloyati politsiyasi mazkur holat yuzasidan oʻz joniga qasd qilishga olib borish moddasi bilan sudgacha tergov boshlagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergov davomida oʻlimning barcha holatlarini aniqlamoqda.
Ayni paytda marhumaning oʻlimiga kim yoki nima sabab boʻlgani yuzasidan yakuniy xulosa berilmagan. Politsiya tergov yakunlanguniga qadar muayyan shaxslarning aybdorligi haqida maʼlumot bermagan.






