Unga ko‘ra, birinchi marta yo‘lkira haqini to‘lamagan fuqaroga 220 ming so‘m, qoidabuzarlik takror sodir etilsa, 440 ming so‘mgacha jarima solinishi mumkin.
Ayni paytda avtobusda chiptasiz yurganlik uchun jarima BHMning 10 foizini, ya’ni 41 ming 200 so‘mni tashkil etadi. Yangi taklif ma’qullansa, jarima miqdori qariyb 10 baravarga oshadi.
Bu haqda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi direktori Muhammadjon Qahhorov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 2026 yilning dastlabki 7 oyida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘lkira haqini to‘lamagani aniqlangan. Qoidabuzarlardan 2 milliard so‘mdan ziyod jarima undirilgan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, nazoratchi xodimlar yo‘lkira haqini to‘lamagan yo‘lovchilarni aniqlash uchun planshetlar bilan ta’minlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 3 iyundagi 276-son qaroriga ko‘ra, 1 sentyabrdan boshlab yo‘lovchi avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini belgilangan tartibda to‘lashi yoki imtiyozli yurish huquqini tasdiqlashi shart. To‘lov amalga oshirilmasa, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan chiptasiz yurganlik uchun jarima jazosini kuchaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Hozirda ushbu takliflar qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Taklifga ko‘ra, 1 sentyabrdan BHM 440 ming so‘m etib belgilanishi inobatga olinib, birinchi marta yo‘lkira haqini to‘lamaganlik uchun BHMning yarmi — 220 ming so‘m, qoidabuzarlik takror sodir etilsa, bir BHM — 440 ming so‘m miqdorida jarima belgilanishi mumkin.
Yangi tartibning asosiy maqsadi yo‘lkira tushumlarining to‘liqligini ta’minlash, avtobuslar faoliyatida shaffoflikni oshirish va jamoat transporti ishini samarali rejalashtirishdan iborat.






