Mazkur obyektlar davlat rahbarining 2026-yil 30-apreldagi tegishli hujjati asosida qurilgan. Ularning ishga tushirilishi natijasida qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish, yiliga 50 ming nafar sayyohga mehmonxona xizmati ko‘rsatish hamda xizmatlar eksportini 4 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Zamonaviy premium uslub va Xorazm milliy me’morchiligi uyg‘unligida barpo etilgan Kongress-holl xalqaro anjumanlar, biznes-konferensiyalar, hukumatlararo muzokaralar va madaniy forumlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan.
Umumiy maydoni 1,9 gektar bo‘lgan majmuani barpo etish uchun 857 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirilgan. Hududda keng yashil maydonlar va xiyobonlar tashkil etilgan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Kongress-holl yonida xalqaro anjumanlar ishtirokchilari va sayyohlar uchun uch yulduzli mehmonxona ham qurilgan. Qiymati 169 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyihaning umumiy maydoni 1,6 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 60 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
To‘rt qavatli mehmonxona 310 o‘ringa mo‘ljallangan 156 ta xonadan iborat. Bino tarkibida keng vestibyul, qabulxona, restoran-bar, bolalar xonasi va terrasa, shuningdek, yopiq basseyn, fitnes va velness hududlarini o‘z ichiga olgan sog‘lomlashtirish zonasi mavjud.
Mehmonxonadan Kongress-holl, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i va hunarmandlar rastalari yashil sayr yo‘laklari orqali bir necha daqiqada yetib borish mumkin.
Shavkat Mirziyoyev “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyini ham ko‘zdan kechirdi. Umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan majmua rasmiy tadbirlar o‘tkazish va xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Loyihaning qiymati 260 milliard so‘mni tashkil etadi.
Qabullar uyi me’morchiligida Xorazmga xos mahobatli yog‘och o‘ymakorligi ustunlari, ganchkorlik san’ati hamda ko‘k va firuza rangli koshinlardan keng foydalanilgan. Majmua atrofida vohaning boy tarixini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar va milliy hunarmandchilik ustaxonalari tashkil etilgan.
Davlat rahbari shu yerda Xorazm viloyati jamoatchiligi vakillari bilan ham muloqot qildi. Suhbatda keyingi yillarda vohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi va tafakkuridagi yangilanishlar haqida so‘z bordi.
Xorazmning boy tarixi va milliy an’analarini asrab-avaylagan holda viloyatni zamonaviy, obod va farovon hududga aylantirish ishlari izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Prezident Xivada ushbu majmualardan samarali foydalanish, yirik xalqaro tadbirlar sonini ko‘paytirish, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.






