Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, biznesni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.
Muloqotda mamlakatning barcha hududlaridan, jumladan, tumanlardagi studiyalar orqali 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Davlat rahbari yurt iqtisodiy qudratini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan 1 million 200 ming nafarlik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar davomida biznes rivojiga to‘siq bo‘layotgan minglab muammolarga yechim topilgan. Bu davrda 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingan.
"Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!" — dedi Prezident.
Qayd etilishicha, o‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb uch karra oshib, 450 trillion so‘mga yetgan. Korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyalari ham uch karra ko‘paygan.
Shuningdek, jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgan.
Tadbirkorlar uchun beshta yo‘nalish
Prezident biznes vakillari ko‘targan masalalar asosida tadbirkorlikni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi.
Birinchi yo‘nalish — tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash
Kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishning yangi tizimi yaratiladi.
"Kredit xizmatlari yagona raqamli portali" orqali tadbirkor bitta ariza bilan banklarning takliflarini olishi mumkin bo‘ladi. Biznesini endi boshlayotganlarga 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, biznesning har bir bosqichiga mos "Biznes start", "Biznes lift" va "Biznes yuksalish" dasturlari joriy etiladi.
"Biznes start" doirasida tadbirkorlarga sun’iy intellekt yordamida loyiha va kredit hujjatlarini tayyorlash, hisobot yuritish o‘rgatiladi. Ularga tayyor biznes-reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit berish yo‘lga qo‘yiladi.
"Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz", — dedi davlat rahbari.
Kichik biznes uchun garov talabini yengillashtirish maqsadida "kontr-kafolat" tizimi ham joriy etiladi. Unga ko‘ra, 10 milliard so‘mgacha kredit olishda tadbirkorning 25 foiz garov topishi yetarli bo‘ladi.
Ikkinchi yo‘nalish — hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish
Davlat aktivlarini sotib olishda avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga tushiriladi.
Tadbirkor aktiv qiymatining yarmini to‘laganidan so‘ng qolgan qismini 7-yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Auksionga chiqariladigan yer uchastkalari qurilish uchun zarur hujjatlar bilan "tayyor paket" shaklida savdoga qo‘yiladi.
Banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.
Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining ayrim qismlarida "Bond sanoat zonalari" tashkil etiladi.
Energiya va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov talabi ham qayta ko‘rib chiqiladi. ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomiga rioya qilayotgan korxonalar uchun avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi.
Uchinchi yo‘nalish — sun’iy intellekt va yangi investitsiyalar
Prezident sun’iy intellektdan samarali foydalanish tadbirkorlar uchun raqobatdagi muhim ustunlikka aylanishini ta’kidladi.
"Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniki", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
"10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor" dasturi boshlanadi. Korxonalarning sun’iy intellektni joriy qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Yangi mahsulot uchun model yaratishda tadbirkorlarga superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.
Shuningdek, har yili 50 ta yirik mahalliy korxonani IPOga tayyorlash uchun akseleratsiya dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Yirik investitsiya loyihalarida kadrlar tayyorlash majburiy komponentga aylanadi. Urganchdagi tajriba asosida 1 million nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsad qilingan.
To‘rtinchi yo‘nalish — eksport va milliy brendlar
Tashqi bozorlarga chiqishning barcha bosqichlarida tadbirkorlarga kompleks xizmat ko‘rsatadigan "Eksport navigator" tizimi ishga tushiriladi.
Xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirilib, ular uchun bozor, tarif va logistika yechimlari ishlab chiqiladi.
2 mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor talablariga moslashtiriladi.
Tadbirkorlarning xorijiy brendmeyker jalb qilishi, milliy brendlarni tashqi bozorlarda targ‘ib qilishi, marketpleyslar va xalqaro tenderlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi.
Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.
"Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak", — dedi Prezident.
Beshinchi yo‘nalish — biznesga ma’muriy bosimni kamaytirish
Prezident iqtisodiyotni "soya"dan chiqarishda tadbirkorlarni tekshirish emas, ularga to‘g‘ri ishlash uchun sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.
"Iqtisodiyotni "soya"dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak", — dedi u.
Kichik biznesda inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshiruv uchun uch yillik moratoriy joriy etiladi.
Ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tgan o‘rta va yirik biznes subyektlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilsa, jarima qo‘llanmaydi.
Barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha ikki barobarga kamaytiriladi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda "Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi" hamda "Birinchi xato uchun ogohlantirish" qoidalari joriy etiladi.
Davlat xizmatlarining yarmi "sukut — rozilik" tamoyiliga o‘tkaziladi. 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinib, yana 35 tasini berish muddatlari qisqartiriladi.
Oziq-ovqat eksportida talab etiladigan bir nechta ruxsatnoma o‘rniga yagona "Salomatlik sertifikati" joriy etiladi.
Turizm tadbirkorlariga ham yengilliklar beriladi
Muloqotda turizm sohasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi.
Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollar resurs ajratiladi.
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar esa 2030-yilgacha uzaytiriladi.
Turoperatorlarning xorijlik sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtiriladi. Turistik avtobus va elektrobuslarni olib kelish bo‘yicha imtiyozlar ham davom ettiriladi.
O‘zbekistonda yangi o‘sish nuqtalari belgilandi
Muloqot yakunida mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha asosiy marralar belgilab berildi.
"Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur", — dedi Prezident.
Joriy yilda yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni esa 40 milliard dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi.
Hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, yangi o‘sish nuqtalari ham belgilab berildi.
Toshkentda eksportga yo‘naltirilgan biznes, Farg‘ona vodiysida to‘liq zanjirli sanoat, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlarini rivojlantirish asosiy vazifalar etib belgilandi.
Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat hamda neft-gaz kimyosi, Qoraqalpog‘istonda "yashil" energetika, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari asosiy o‘sish nuqtalari bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida Prezident mamlakatda zamonaviy fikrlaydigan, biznesini kengaytirishga intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanayotganini ta’kidladi.
"Hech qachon oldinga intilishdan, o‘sishdan, rivojlanishdan, yangilik qilishdan to‘xtamang! Sizlarning ortingizda doimo qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarishda yelkadosh bo‘lgan Prezident bor!" — dedi davlat rahbari.






