O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti olimlari elektr tarmoqlaridagi texnik yo‘qotishlarni kamaytirish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish bo‘yicha bir qator takliflarni ishlab chiqdi.
Tadqiqotlar "Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi O‘RQ-940-sonli Qonun talablaridan kelib chiqqan holda Jizzax magistral elektr tarmoqlari filialining 110/10 kV kuchlanishli "Chilonzor" podstansiyasida o‘tkazilgan.
O‘rganish davomida elektr tarmog‘idagi yo‘qotishlar darajasi, transformatorlarning yuklanish rejimi, reaktiv quvvat balansi hamda izolyatsiya resursining eskirish ko‘rsatkichlari tahlil qilingan.
Tadqiqot natijasida elektr tarmog‘idagi yo‘qotishlarni kamaytirish uchun reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalarni o‘rnatish taklif etildi. Bu orqali quvvat koeffitsientini me’yoriy darajaga yaqinlashtirish mumkin.
Shuningdek, podstansiyani SCADA tizimi asosida masofadan boshqarish va elektr tarmoqlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Olimlar yuklama grafigini optimallashtirish maqsadida iste’mol profilini raqamli modellashtirishni ham taklif qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur ilmiy asoslangan yechimlarni amaliyotga joriy etish elektr tarmoqlaridagi texnik yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish, elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish va energetika tizimining samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, bu kabi choralar mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ijrosini ta’minlashga qaratilgan.






