AsosiyJAMIYAT

Qashqadaryoda 25 yoshli yigitni sel oqizib ketdi

Hodisa 19 may kuni Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida sodir bo'ldi.

'Qashqadaryoda 25 yoshli yigitni sel oqizib ketdi'ning rasmi

25 yoshli yigit tushdan keyin qo‘ylarini boqish uchun uydan chiqqan va kuchli sel oqimi oqibatida halok bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyatida sel oqimi bir insonning umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 19 may kuni soat 20:20 larda Dehqonobod tumani IIB navbatchilik qismiga Yangi hayot mahallasi Qurilish qishlog‘i hududidagi daryodan sel bilan birga noma’lum erkakning jasadi oqib kelgani haqida xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng tuman prokurori rahbarligidagi tergov-tezkor guruhi voqea joyiga chiqqan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida halok bo‘lgan shaxs 2001 yilda tug‘ilgan O.Sh. ekani aniqlangan.

Marhumning yaqinlari bildirishicha, u 19 may kuni soat 15:00 atrofida qo‘ylarini boqish maqsadida uydan chiqqan. Soat 18:00 ga qadar qaytib kelmagan vaqtda qishloq hududida kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, yigitning jasadi suv oqimida topilgan.

Hozirda holat yuzasidan Dehqonobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 19 may kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Yakkabog‘, Dehqonobod va Shahrisabz tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan. Sel toshishi oqibatida Qamashi tumanida ichki yo‘l, Yakkabog‘ tumanida esa ko‘prik vaqtincha yopilgan.

    Boshqa yangiliklar