AsosiyJinoyat
13272

​Rashk tufayli sudning qora kursisiga o`tirgan “ojiza”lar

'​Rashk tufayli sudning qora kursisiga o`tirgan “ojiza”lar'ning rasmi

Ular sayoq yurgan ayoldan erini rashk qilib yoqalashgani uchun sudning qora kursisiga o`tirishdi

Sanobar (ism-shariflar o`zgartirilgan) turmush o`rtog`i Doston bilan ukasi Anvarning tug`ilgan kunini nishonlash uchun onasining uyiga yo`l olishdi. Ular onasining uyiga etib kelishganda, uyda Anvar, akasi Ravshan, singlisi Aziza, onasi va Saida ismli tanish qiz o`tirishardi. Kunlar issiq bo`lganidan mehmonlar uchun hovliga joy qilingan edi. Hamma yig`ilgach, ovqat suzildi, o`tirganlar birin-ketin Anvarni tug`ilgan kuni bilan tabriklashdi, erkaklar “sog`lik uchun” deb qadah ko`tarishdi. Hamma o`zi bilan o`zi ovora bo`lgan paytda Anvar ko`chaga chiqib ketdi. Oradan taxminan bir soatlar o`tgach, u o`zi bilan ko`chadan Nargiza ismli ayolni etaklab keldi.

Kutilmagan mehmon

Nargizaning tashrifi o`tirganlarga xush yoqmadi. Odob yuzasidangina unga “oling-oling” deb manzirat qilishdi. Rustam ukasi Anvarni bir chetga tortdi.

— Anvar, o`zingdan katta bu ayolni nimaga ergashtirib yuribsan? Chiqarib yubor, ketsin!

— Aka, bugun tug`ilgan kunim, istagan odamimni uyga taklif qilishga haqqim bor! Nima yoshi katta bo`lsa odam emasmi? – dedi jahli chiqib Anvar.

— Hech bo`lmasa onamning oldida uyalsang bo`larmidi? Yaxshilik bilan uni uydan chiqarib yubor! – dedi Ravshan g`azabdan tishlarini g`ijirlatib.

Aka-ukaning janjallashayotganini ko`rib, Nargiza sekingina uydan chiqib ketdi. Uning ortidan Sanobarning eri Doston ergashdi. Sanobar aka-ukani ajratish bilan ovora bo`lib, erining ketganini sezmay qoldi.

— Opa, pochcham Nargizaning orqasidan ketdi, yana uniyam boshini aylantirib olmasin, – dedi singlisi Aziza Sanobarga.

Ko`chadagi mushtlashuv

Kutilmagan mehmon — Nargiza sababli uyda janjal ko`tarilganidan g`azabi qaynab turgan Sanobarni singlisining gaplari battar asabiylashtirdi.

— Men bilan yur, ularning orqasidan boramiz.

Opa-singil ko`chaga chiqishganda vaqt allamahal bo`lgandi. Ular Dostonni qidirib, bozor atrofidagi ko`chalardan biriga kirishdi. Shu payt ularning qarshisidan qo`lida pivo shishasini ko`targancha Doston bilan Nargiza chiqishdi. Erining yarim kechasi begona ayol bilan ko`chada pivo ichib yurganini ko`rgan Sanobarning tepa sochi tikka bo`ldi. Xotinining avzoyini ko`rgan Doston sekingina Nargizani tashlab, juftakni rostladi.

— Ey, iflos, yarim tunda birovning eri bilan nimaga etaklashib yuribsan? – deb Nargizaga hujumga o`tdi Sanobar.

— Menga nima deysiz? Zo`r bo`lsangiz eringizni tiyib oling, – gapdan qolmadi Nargiza.

— O`zi sendaqa ayollar hamma joyni bulg`aydi. Adabingni berib qo`ymasammi? Hozir sharmandangni chiqaraman! — deya Sanobar Nargizaning sochlariga chang soldi.

Aziza ham opasiga yordamga etib keldi. Ular Nargizani ayovsiz kaltaklashdi, bu ham kamlik qilganday, ustidagi kiyimlarini tortqilab, yirtib tashlashdi. Opa-singilning ko`chaga chiqib, qaytmaganidan xavotirga tushgan Saida ularni izlab yurganda katta janjalning ustidan chiqdi. Ayollarni ajratishga harakat qilayotganda Nargiza unga ham bir musht tushirdi. Begunohdan kaltak egani alam qilib, u ham Nargizani tepkilay ketdi. Nargizaning dodlaganidan uyqudagi odamlar ko`chaga yugurishdi. Ammo Nargizaning ustida kiyimlari yirtib ketganidan erkaklar yaqinlashishga jur`at etisholmadi. Opa-singillar Nargizani yalang`och holda xumordan chiqquncha kaltaklab, keyin qarg`ancha uylari tomon yo`l olishdi.

Sayoq yurgan tayoq edi, ammo...

Shovqindan uyg`onib ketgan Mastura xola ham ko`chaga chiqib, u erda kiyimlari yirtilib ketgan qizning yig`lab o`tirganini ko`rdi. Uning Nargizaga rahmi kelib, uyidan xalat olib chiqdi. Ertasi kuni olgan tan jarohatidan tobi qochgan Nargiza shifoxonaga murojaat etdi.

Bu erda Nargiza jabrlanuvchimi yoki aybdormi? Balki u yarim kechasi begona erkakning uyiga kirib borishi axloq-odob qoidalariga zidligini tushunganda shuncha mashmasha bo`lmagan, Sanobar, Aziza, Saidalar ham bezorilik jinoyatini sodir etib, sudning qora kursisiga o`tirishmagan bo`larmidi?

Lola ShOIMOVA jurnalist

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar