AsosiyJAMIYAT

Farg‘onada eriga qo‘l ko‘targan ayolga hukm o‘qildi

Jabrlanuvchi erkak esa sudda ayolini kechirmasligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

'Farg‘onada eriga qo‘l ko‘targan ayolga hukm o‘qildi'ning rasmi

Farg‘ona shahrida turmush o‘rtog‘ini urgan ayol oilaviy zo‘ravonlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Sud unga jarima jazosi tayinladi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 1999 yilda tug‘ilgan M.A. 2026 yil 20 fevral kuni turmush o‘rtog‘i M.S. bilan oilaviy kelishmovchilik sabab janjallashgan. Janjal vaqtida ayol eriga qo‘l ko‘tarib, unga tan jarohati yetkazgan.

Sudda ayol aybiga iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, 18 fevral kuni farzandlarini aylantirib kelish uchun ko‘chaga chiqqan vaqtda er-xotin o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

“Men san’at saroyiga, turmush o‘rtog‘im esa savdo majmuasiga borishni aytdi. Shu sabab janjallashib qoldik. Keyin qo‘rqib, otamnikiga ketdim”, degan u.

Oradan ikki kun o‘tib, ayol turmush o‘rtog‘ining uyiga qaytgan va janjal yana davom etgan.

“Meni urmoqchi bo‘lganida o‘zimni himoya qilish maqsadida qo‘lim bilan turtib yubordim. Hozir harakatlarim noto‘g‘ri bo‘lganini tushunib yetdim”, degan M.A.

Jabrlanuvchi erkak esa sudda ayolini kechirmasligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi M.A.ni Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan oilaviy zo‘ravonlik jinoyatida aybli deb topgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayolga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari — 8 million 240 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, jabrlanuvchiga moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

    Boshqa yangiliklar