Raqobat qo‘mitasi ayrim dorixonalarda dori vositalari narxi asossiz ravishda keskin oshirilganini aniqladi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qariyb 2,5 mingta dorixona tomonidan 686 mingga yaqin holatda belgilangan savdo ustamalari 10 foizdan 3 baravargacha oshirilgan. Natijada iste’molchilardan 21,1 mlrd so‘m asossiz undirilgan.
Qayd etilishicha, qoidabuzarliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, noqonuniy olingan mablag‘larni fuqarolarga qaytarish ishlari boshlangan.
Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida 190 dan ortiq dorixonada 110,5 mingta holat aniqlangan. Ularda ham dori vositalari narxi sun’iy oshirilib, aholidan 1,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ortiqcha undirilgani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita fuqarolarga dori harid qilishda referent narxlar reestri orqali narxlarni tekshirishni tavsiya qildi. Agar dori vositalari belgilanganidan qimmat sotilayotgani aniqlansa, 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilda ham dorixonalar tomonidan dori narxlarini asossiz oshirish holatlari kuzatilgan edi. O‘shanda 765 ta dorixonada 267 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlanib, qariyb 8 mlrd so‘m noqonuniy daromad olingani ma’lum qilingan.






