Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti o`qituvchisi Rauf Salaxodjaevga Prezident nomidan poytaxt markazida joylashgan uy sovg`a qilindi. Bu haqda «O`zbekiston» telekanalining «Tahlilnoma» dasturiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Avvalroq Rauf Salaxodjaev RePeC (Research Papers in Economics — «Iqtisod fani bo`yicha Ilmiy maqolalar») tashkiloti tomonidan tuzilgan dunyoning eng yaxshi 100 nafar yosh iqtisodchisi ro`yxatiga kiritilgan edi.
O`zbekiston vakili ilk bor ushbu ro`yxatga kiritilib, 32-pog`onadan joy oldi. U birinchi elliktalikdan o`rin egallagan yagona MDH vakili hisoblanadi. Top-50 ga Rauf Salaxodjaevdan tashqari Osiyoning yana ikki vakiligina — Hindiston va Yaponiya iqtisodchilari kiritilgan.
«Men uchun bu eng avvalo O`zbekistonda mamlakat va uning rahbariyati qadrlaydigan hamda g`amxo`rlik ko`rsatadigan olimlar borligini butun dunyoda bilishlari uchun yanada ko`proq ishlash, barcha kuchimni kelgusidagi ilmiy muvaffaqiyat va g`alabalarga bag`ishlashimga rag`bat va ishtiyoqdir», — dedi Rauf Salaxodjaev telekanalga bergan intervyusida.