O`zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birini tabrikladi,deb yozadi O`zA.
“Turkiya Respublikasi va qardosh O`zbekiston Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini va qardosh O`zbekiston xalqini shaxsan o`z nomimdan va Turkiya xalqi nomidan samimiy tabriklayman va ezgu istaklarimni yo`llayman",— deyiladi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`onning qutlovida.
Rajab Toyib Erdo`g`on 2016 yil 18 noyabrda Samarqand shahrida o`tgan oliy darajadagi muzokaralar chog`ida o`zaro munosabatlarni kengaytirish borasida hamkorlikda ishlash to`g`risida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishiga ishonch bildirgan, Turkiya mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo`lidagi hamkorlikni o`zaro ishonchli asosda ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro miqyosda rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidlagan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qutlovida "1992 yilning mart oyida diplomatik munosabatlar o`rnatilgandan so`ng qisqa vaqtda, ya`ni o`sha yilning aprel oyida Toshkent shahrida Turkiya Respublikasi elchixonasi ochilgan"ini alohida ta`kidlagan.
Davlatimiz rahbarining tabrigida bunday deyiladi: "O`zbekiston hukumati delegasiyasining shu yil 26 fevral – 2 mart kunlari Turkiyaga tashrifi o`zaro kelishuvlarimizning mantiqiy davomi bo`ldi. Fursatdan foydalanib, mening vakilim bilan uchrashganingiz va alohida hurmat ko`rsatganingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman".
Prezidentimiz O`zbekiston bilan Turkiya siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiyot, investisiya, harbiy-texnik, sayyohlik, logistika va boshqa sohalarda o`zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan va bir-birini to`ldiradigan ulkan salohiyatga ega ekanini qayd etgan. Shu nuqtai nazardan hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O`zbekiston Prezidenti tomonlar birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan keng ko`lamli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini qardosh xalqlarimiz farovonligi yo`lida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirgan.