1

​Farg`onada milliy valyutani qalbakilashtirgan shaxslar qo`lga olindi

Jinoyat 16.03.2017, 15:36
​Farg`onada milliy valyutani qalbakilashtirgan shaxslar qo`lga olindi

Farg`ona viloyati Dang`ara milliy valyutani qalbakilashtirish va uni muomalaga chiqarish bilan bog`liq jinoyat sodir etildi, deb xabar beradi O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Dang`aralik Mahmudxo`ja aka turmush o`rtog`i bilan maslahatlashib, qo`rasidagi qo`ylardan ikkitasini bozorda sotadigan bo`ldi. Shu maqsadda kechasi ikkilarda qo`ylarini etaklab, Pop tumanidagi mol bozoriga yo`l oldi.

Mahmudxo`ja aka tungi uchlarda kirib kelganida bozor avjida edi. Bir-ikki so`rab keluvchilardan keyin qo`ylarga ikki yosh yigit xaridor bo`ldi.

— Qancha so`rayapsiz, amaki? — dedi ulardan biri.

— Besh yuz mingdan deyapmiz, so`rayverasizda, o`g`lim.

— Amaki, dangalini aytaman, ikkoviga 700 ming beraman, — yigit shunday degancha Mahmudxo`ja akaning qo`lini siqib siltay boshladi. — Baraka topayinmi?

— Yo`q, bo`lmaydi.

— Ha, deng, amaki, baraka topay...

Biroz o`tgach, 800 ming so`mga savdolashildi. Yigitlar kelishilgan summani taxi buzilmagan 5000 so`mlik kupyuralarda berib, qo`ylarni etaklagancha ketishdi. Mahmudxo`ja aka esa pulni yirik kupyurada olganiga xursand bo`lib, bozor-o`char qilishga kirishdi. Lekin birinchi do`kondayoq uning xursandchiligidan asar ham qolmadi. Sotuvchi u bergan pullarni bir-ikki aylantirib ko`rib, o`ziga qaytarib berdi:

— Amaki, pullaringiz qalbakiku!

— Nega qalbaki bo`ladi? Hozirgina sotgan qo`ylarimning pullari bu.

— Unda sizni chuv tushirishibdi. Qarang, hammasining raqami bir xil.

Mahmudxo`ja aka pullarni olgancha tezda mol bozoriga yugurdi. Biroz oldin sotgan qo`ylari va ularni sotib olgan yigitlarni izladi, lekin...

Yarim tun. Shirin uyquda yotgan Anvar ilkis uyg`onib ketdi. Boshini ko`tarib, sukunatga quloq tutdi. Tashqaridan kimningdir ovozi eshitildi. Elkasiga choponini tashlab eshikka chiqqanida yonilg`i idish ko`targan bir yigit turardi.

— Assalomu alaykum, aka! Kechirasiz, kech bo`lganda bezovta qildik, — yigit shunday degancha mulozamat qildi.

— Hechqisi yo`q.

— Aka, tashqariga osib qo`yilgan baklajkani ko`rib, shu erda benzin sotilsa kerak, deb to`xtagandik.

— Ha, benzin bor. Qancha olasiz.

— 20 litrcha kerak edi.

Hash-pash deguncha Anvar ular aytgan benzinni yonilg`i idishga quydi. Endi pulni olishga chog`lanib turgan bir paytda notanish yigit:

— Aka, shu yaqin o`rtada dizel yonilg`isi sotadiganlar yo`qmi? Katta yuk mashinamizning yonilg`isi tugab, Yangiqo`rg`on tomonda to`xtab qoldi. Shunga olib borishimiz kerak, – dedi.

— Agar ko`proq olamiz desanglar, o`zimda ham bor.

— Ie, shunday deng, aka. Juda yaxshi bo`lardida. 100 litr olamiz. Shuncha chiqadimi?

Nargiza erining qaytib kelmaganidan xavotir olib, tashqariga fonar ko`tarib chiqqanida Anvar ikki yigit qurshovida yonilg`i idishlarga dizel yonilg`isi quyib berayotgan edi. Katta miqdorda yonilg`i sotilayotganidan xursand bo`lgan er-xotin yigitlarning xohishini bir zumda ado etishdi. Hatto Anvar oxirgi yonilg`i idishni tashqariga ko`tarib chiqib, ularning «Damas» avtomashinasi yukxonasiga joylashtirilishiga ham yordam berdi.

Hamma ish bitgach, oq-sariqdan kelgan yigit haydovchiga «pulni olib ber», dedi. U tezda mashinadan elim xaltaga o`ralgan narsani olib, unga uzatdi. Uning ichida bir taxlam pul bor edi.

— Xo`sh, biz sizga 480 ming so`m berishimiz kerak. Bundan 20 ming olsak...

— Agar besh mingtalik bo`lsa pachkani buzmay qo`ya qoling, — dedi yigitlarning harakatini kuzatib turgan Anvar. — Mana, men sizga yigirma ming so`m beraman.

Yaxlit bir taxlam besh ming so`mlik pullarni qo`liga olgan Anvar har ehtimolga qarshi uni sanashga tushdi. Shu payt yigitlardan biri uni gapga tutdi:

— Aka, telefon raqamingizni ayting, yana kerak bo`lsa, sizga qo`ng`iroq qilib kelaveramiz.

Anvar pul sanashdan to`xtab, telefon raqamini aytdi.

— Aka, telefoningizga gudok tashlab qo`ydim.

— Ismingiz kim?

— Elyor. Yana kelamiz, nasib qilsa.

Er-xotin uyga qaytib kirgach, Anvar bir taxlam pulni sanab yana rohatlangisi keldi. Chiroq yorug`ida sanay turib, pullarning rangi boshqacharoq ekanini angladi. Ko`zlariga ishonmay pulning u yoq, bu yog`ini aylantirib ko`rdi. Raqamlarini solishtirdi. Ne ko`z bilan ko`rsinki, kupyuralarning raqami bir xil edi. Anvar shu damda nima qilishni, qanday chora ko`rishni bilmay qoldi. Huquq-tartibot idoralariga xabar berayin desa, o`zi noqonuniy faoliyat ko`rsatgan, yana vaqt yarim kechasi bo`lsa...

Oradan ikki kun o`tdi. Boshqa chora topolmagach, u ichki ishlar organiga xabar berishga majbur bo`ldi.

Qalbaki pul muomalasi bilan bog`liq holatlar yuzasidan jabrlanuvchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari tomonidan zarur chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Surishtiruv-qidiruv tadbirlari olib borildi. Bozorlar, jamoat joylarida nazorat kuchaytirildi. Ko`p o`tmay sa`y-harakatlar o`z natijasini berdi. Uchko`prik tumanida yashovchi Doston Abdusalomov va Farrux Mamajonov gumon qilinuvchi tariqasida surishtiruvga jalb etildi. Dostonning xonadoni ko`zdan kechirilganida esa u erdan qalbaki 1000 va 5000 so`mlik kupyuralarni yasashda ishlatilgan noutbuk, rangli printer, turli bo`yoqlar va katta miqdordagi qalbaki pullar topildi.

Jinoyat ishi qo`zg`atilib, ish sudga oshirildi. Sud qaroriga ko`ra, milliy valyutamizni soxtalashtirgan, uni yasash, o`tkazish kabi qator jinoyatlarni sodir etgan aybdorlarga tegishli jazo tayinlandi.

Doniyor TESNABOEV,

podpolkovnik.

Foziljon MAMASNARIPOV,

jurnalist.

Farg`ona viloyati.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1