17-18 mart kunlari Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyida” “Bo`sh ish o`rinlari mehnat yarmarkasi” bo`lib o`tadi.
Yarmarkadan maqsad o`qishni tamomlayotgan yoshlar, harbiy xizmatni o`taganlar, xotin-qizlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini ish bilan ta`minlashga ko`maklashish hamda ularni tadbirkorlikka keng jalb etishdan iborat. Bu haqda Mehnat vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur yarmarka Mehnat vazirligining Toshkent shahar Mehnat bosh boshqarmasi tashabbusi bilan Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Yarmarka ishida Toshkent shahridagi 700 ga yaqin tashkilotlar, birlashmalar, muassasalar va yirik ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari, qurilish korxonalari o`zlarining faoliyat yo`nalishlariga doir ko`rgazmalar hamda 500 ming so`mdan 2 mln. so`mgacha oylik maosh beriladigan 13 mingdan ortiq vakansiyalari bilan ishtirok etishlari kutilmoqda.
E`tiborlisi shundaki, ushbu yarmarkaning yangicha va zamon talablari asosida, ya`ni ish o`rinlariga talabgorlar yarmarka davomida taklif etilgan ish beruvchilarga o`z kasb ko`nikmalarini namoyish etishlari uchun alohida maydonchalar tashkil etilishi belgilangan.
Misol uchun, tadbir davomida qurilish, payvandlash, oziq-ovqat, sut hamda qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish sohasi, jumladan tikuvchilik uskunalarida tikish-bichish va sartaroshlik bo`yicha kasb mahoratlari namoyish etiladi hamda ish beruvchilar bilan shu joyning o`zida mehnat shartnomasi tuzish mumkin bo`ladi.
Shuningdek, yoshlar, xotin-qizlar, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlikka keng jalb qilish uchun Toshkent shahridagi 30 dan ortiq tijorat banklari imtiyozli kreditlar olishga ko`maklashish, qulay hamda soddalashtirilgan kichik biznes loyihalari taqdim etish va belgilangan soliq imtiyozlarini qo`llanishiga doir ko`rgazmali taqdimotlari bilan ishtirok etadilar.
Bundan tashqari, yarmarkada o`z biznesini tashkil etish istagini bildirgan bitiruvchi yoshlarni tadbirkor sifatida Davlat ro`yxatidan o`tkazish, ularga STIR (INN) raqamlari berish va Xalq banki filiallarida ShJBPH (INPS) raqamlarini ochish, mehnat daftarchalari va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish bo`yicha keng imkoniyatlar yaratib berilishi ta`minlanadi.
Ikki kun davomida o`tkaziladigan yarmarkada Toshkent shahrining 11 ta tumani va shahar atrofi hududlaridan 10 mingdan ortiq kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.