Navro`z – yangilanish, yasharish faslining debochasi, tenglik, hamjihatlik, totuvlik ayyomi. Shu bois har yili bu kunni o`zgacha intiqlik, sog`inch va entikish bilan qarshi olamiz. Buyuk mutafakkir, she`riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hazratlari bejiz “Har tunung qadr o`lubon, har kunung o`lsun navro`z”, deya lutf qilmaganlar.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti hali O`zbekiston mustaqillikni qo`lga kiritmasdan avval, sobiq tuzum davridayoq, azaliy bayramimiz Navro`zni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlash tashabbusi bilan chiqqan edi. Mustaqillik yillaridan milliy qadriyatlarimiz, barhayot an`analarimiz qatorida Navro`z va u bilan bog`liq urf-odatlarni qayta tiklash va rivojlantirishga katta e`tibor qaratib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning “2017 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida”gi qarori asosida bu yil ham bu umrboqiy bayram yurtimizda o`ziga xos tantana qilinmoqda.
Ajdodlarimiz dahosi timsoli
Olimlarimiz Navro`z tarixini o`n ming yildan ortiqroq deb hisoblaydilar. Navro`z aslida Markaziy Osiyoda yashagan qadimgi ajdodlarimizning kashfiyoti. U hali yil hisobi o`ylab topilmagan, yillar fasllarga, oylarga haftalarga bo`linmagan uzoq zamonlardayoq sovuq bilan (qish bilan yozning emas) issiqning almashinuvi kunlari ekin-tikinning boshlanishi munosabati bilan bayram qilingan.
Navro`z bayrami qadimgi ajdodlarimiz tafakkurining mahsuli ekanligini tasdiqlaydigan yana bir muhim dalil, Farg`ona vodiysidan topilgan qoyatosh suvratlaridagi mavsumiy marosimlarga oid chizgilardir. Ma`lumki, Farg`ona vodiysining tog`li xududidagi Ko`gart davoni yaqinida, Saymalitosh degan joyda ko`plab qoyatosh suvratlari, petrogliflar aniqlangan.
Kamida to`rt-besh ming yillik tarixga ega bo`lgan mazkur suvratlardan birida, ikkita ho`kiz, ularning atrofida 12 ta odam, kecha va kunduzning 12 soatdan iboratligini, kuzgi va bahorgi teng kunlikni anglatadi.
Asrdan asrga, nasldan naslga
Qadimgi yunon olimi Strabonning yozishicha, ikki daryo oralig`ida istiqomat qilgan ajdodlarimiz Navro`z kuni otashkada, ya`ni olovga topiniladigan ibodatxonalarda to`planishgan va yilboshining 12 kun davomida tantana qilishgan.
Ta`kidlash joizki, Navro`z ko`hna Sharq, xususan, qardosh xalqlarning ham sevimli bayramlaridan biri bo`lib kelgan. Zero, tarixiy manbalarda, jumladan Narshaxiyning “Buxoro tarixi”, Abu Rayhon Beruniyning “Osorul-boqiya”, Mahmud Koshg`ariyning “Devonu lug`otit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro`znoma” asarlarida Navro`zni azaldan Turonzamin xalqlari katta shodiyona bilan nishonlaganlari alohida qayd etilgan.
Qadim-qadimdan Navro`z xolis niyatli kishilarning sevimli ayyomi bo`lib kelgan. O`sha kunlarda hatto urush-janjallar ham to`xtalgan, gina-qudratlar kechirib yuborilgan. Shohlar el ichidan eng munosib kishilarni taqdirlashgan, ayrim mahbuslarning gunohidan o`tishgan.
Afsonalar tilga kirganda
Afsonalarga qaraganda, Odam Ato Momo Havo bilan uchrashgan kun Navro`z deb tan olingan emish. Yana manbalarda qayd etilishicha, Sulaymon podshohning uzugi yo`qolgan kun podshohligi ham qo`lidan ketgan. Qirq kundan keyin uzugi topilgach, podshohligi ham, ravnaqi ham qaytib kelgan. Podshohlar uning huzuriga to`planadilar. Natijada shu kun Navro`z deb ataladi.
Firdavsiyniig „Shohnoma“sida yangi yil bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog`lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o`rgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib kiyim to`qitadi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog` bunyod qiladi. Nihoyat, ishlari gurkirab berganda meva“ bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko`tariladi. Ushbu afsonaga ko`ra xuddi shu kuni Navro`z nishonlangan.
Yana afsonalarda keltirilishicha, podshoh Jamshid kunlardan bir kun sahroga chiqib, qamishzorlar oralab borayotsa, har bir niholdan allaqanday mo``jizaviy sharbatlar oqib turgan ekan. Qo`l uzatib, yalab ko`rsa, juda shirin ekan. O`sha kuni odamlarga bu sharbatlarni yig`ib olib, navro`ziy kunlar bir-biriga tarqatishni buyuribdi va bu shakar qamishni sun`iy usulda o`stirishni joriy qilibdi. Navro`z kunlari kishilarning bir-birlariga turli shirinliklar pishirib tarqatishi, qand-qurslar in`om etishi o`shandan qolgan ekan.
Har bir elda o`zgacha
Har bir xalqning Navro`z bilan bog`liq o`ziga xos urf-odat va an`analari mavjud. Masalan, qoraqalpoqlar Navro`z (Nao`rz) bayramini bahorgi tengkunlik, to`kin-sochinlik, baxtu-saodat ezgu orzu-umidlar ramzi sifatida ardoqlab keladilar. Ot choptirish, ko`pkari, kurash, qo`chqor urishtirish singari singari xalq o`yinlari har yilgi navro`z tantanalariga ayricha jo`shqinlik baxsh etadi. Qoraqalpoqlarning sevimli bayram taomlridan yana biri navro`z go`jasi deb ataladi. Bu taom etti xil dondan tayyorlanadi. Har bir xonadonda ana shunday taom pishiriladi va qo`ni-qo`shnilarga, ovuldoshlarga tarqatiladi.
Qozoqlarda ham Navro`z (Naurz) bilan bog`liq ana shunday an`analar, urf-odatlar ko`p. Qadimda qozoqlarda Navro`z tantanalari 3-9 kunlab davom etgan. Bo`y etgan qizlar bu kuni yigitlarga atab, “uyqi oshar” degan lazzatli taom pishiradilar. Turli tuman xalq o`yinlari, sport musobaqalari tashkil etiladi. "Olti baqan","qiz quu" musobaqalari ayniqsa, kattayu kichikda birdek qiziqish uyg`otadi.
Navro`z (Nowruz) turkman xalqining ham eng qadimiy, go`zal va betakror bayramlarimizdan biridir. Momolar tayyorlagan semeni – sumalak, dog`rama, pishme, palov singari lazzatli milliy taomlar bayram dasturxonini bezaydi. Turkman elining to`yu bayramlarini ot chopqi - uloq-ko`pkari musobaqalarisiz tasavvur etib bo`lmaydi.
Navro`zga bir oy qolganda ozarboyjonlar haftaning har chorshanba kuni gulxan yoqib, unig atrofida o`yin-kulgi qilishadi. Ayniqsa, yilning so`nggi chorshanbasi kuni yoshu qari olov ustidan hatlab o`tadi. Hatto, uy hayvonlarini ham yonib turgan olov ustidan olib o`tishadi. Bayram kunlari xalq qiziqchilari — «kal» va «ko`sa»lar elkalariga xurjun osib, an`anaviy milliy kiyimlarda ovul va mahallalarda, qishloq va guzarlarda ichakuzdi hangomalar aytib berishadi. Kichkintoylar hovlima-hovli yurib, devor osha bosh kiyim — papoqlarini irg`itadilar. Uy egasi esa, bolalarning papog`ini shirinlik, qand-qursga to`ldirib qaytaradi.
Forsiyzabon xalqlar ham ming yillardan beri bu bayramni katta shodiyonalapr bilan nishonlab kelishadi. Bu xalqlarda Navro`z bilan bog`liq turli-tuman marosimlar urf-odatlar hozirgacha saqlab qolingan. Masalan, afg`onlar “haft sin» ya`ni sin (s) harfi bilan boshlanuvchi etti xil taom tayyorlab dasturxonga tortadilar.
Shoirlar sozida — Navro`z
O`zbek xalq og`zaki ijodida, mumtoz adabiyotimizda Navro`zi olam vasfiga bag`ishlangan ko`plab she`ru g`azallarni uchratamiz. Jumladan, Mahmud Koshg`ariy, Yusuf Xos Xojib, Lutfiy, Otoyi singari shoirlarimiz ham bu bayramni o`ziga xos tarzda vasf etadilar. Atoqli o`zbek shoiri Haydar Xorazmiy “Gul va Navro`z” nomli lirik doston ham yozgan. Uning boshqa qahramonlaridan biri shu bayramda tug`ilgani bois, unga Navro`z deb ism qo`yadilar.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy „Tarixi mulki ajam“ („Ajam shohlari tarixi“) asarida Jamshidning buyuk kashfiyotlari so`ngida ulug` Navro`z ixtiro qilinganligini bayon qiladi. Navoiy yozishicha: "Jamshid „Chihil minor“ nomli odamzod ko`rmagan va aql bovar qilmaydigan baland bino qurib… „ bu imorat tugandi, olam salomin va ashrov va ahbarin yig`ib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqta e`tiqodli rabiyg`a taqvil qilib erdi ul binoda taxt ustiga o`ltirib, adolat sayt va sadosin olamg`a muntashir qildi va ul kunining otin navro`z qo`ydi“.
Shuningdek, she`riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hazratlari o`z ijodlarida “Har tunung qadr o`lubon, har kunung o`lsun Navro`z”, deya lutf qilganlar. Yana bir g`azalda Hazrat Navoiy navro`z kunda ayollarimiz yanada go`zallashib, husn-latofatga to`lishini tarannum etganlar:
Muvofiq kiydilar, bo`lmish, magar navro`z ila bayram,
Chaman sarvi yashil xilqat, mening sarvi ravonim ham...
Shuningdek, Bobur, Nodira, Ogahiy, Furqat singari shoilarimiz ham bu go`zal va betakror bayramni she`rga solganlar. Qardosh xalqlar adabiyotida ham Navro`zga oid mumtoz satrlarni uchratamiz. Navro`zning jahoniy e`tirofi
Navro`zni Er yuzidagi 400 million ortiq aholi, yuzlab millat va elatlar keng bayram qilinadi. Navro`z chegara bilmaydi, millat tanlamaydi, shart-sharoitlarga qaramaydi, turli taqiq va tazyiqqlarni tan olmaydi.
Navro`zni jannatmonand yurtimizning barcha shahar va qishloqlari qatorida, Sibirning ayoz hamon zabtida ushlab turgan taygalarida ham, Pomirning somono`par cho`qqilari etagida ham, Kaspiyning moviy to`lqinlar muttasil yuvib turadigan sermavj sohillarida ham, Qoraqumning qum barxanlari orasidagi olis ovullarida ham birdek quvonch va shodiyona bilan nishonlanadi.
Navro`z nomi turli tillarda turlicha jaranglaydi. Masalan: o`zbek va tojik tillarida Navro`z ozarboyjonchada Novruz, forschada Now ruz, pushtunchada Naw wraz, kurdchada Newroz, turkman tilida Nowruz, qozoqlarda Naurz, uyg`urlarda Noruz, qirg`izlarda Nooruz, tatarchada Nәүrүz, turklarda Nevruz, qrimtatar tilida Navrez, boshqird tilida Nәүrүz, chuvash tilida Narăs deb ataladi.
Bugun Navro`z nafaqat muayyan xalqlar va elatlarning balki dunyoning madaniy merosi sifatida shuhrat qozonmoqda. Navro`z bayramining mohiyati, insoniyat tarixida tutgan o`rni, ahamiyatini jahon hamjamiyati ham anglab etdi. 2009 yilning 30 sentyabrida Navro`z bayrami YuNESKOning Butunjahon nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritildi. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21 mart – Xalqaro Navro`z kuni deb e`lon qilingan.
Har yili BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida, shuningdek uning turli mamlakatlardagi vakolatxonalarida ham bu bayram keng miqyosda o`tkaziladi.
Tinchlik va osoyishtalik ilinjida...
Tabiat va inson ana shu go`zal kunni intiqlik bilan kutayotgan ayni damlarda ham ayrim nuqtalarida turli nizolar yuzlab begunoh insonlarning umriga zomin bo`lmoqda. Minglab oilalar har bir kunni qo`rquv va xavotir ila qarshi olmoqda, har bir tunni tahlika va hadik ichida o`tkazishmoqda.
Ma`lumki, hamon sayyoramizdagi eng olovli nuqtalardan bo`lib turgan Iroq va Suriyada ham bir paytlar Navro`z bayrami keng nishonlangan. Ayniqsa, bu hududda istiqomat qiladigan turkman, turk, fors, kurd millatiga mansub aholi har yili Navro`zni o`z milliy an`analariga xos tarzda nishonlanganlar.
Qo`shni Afg`on zamini ham Sharq madaniyatining qadimiy beshiklaridan sanaladi. Bu o`lkada Navro`zni sog`inib kutishadi, katta quvonch ila bayram qilishadi. Garchi, bugun ushbu mamlakatlarda notinchlik davom etayotgan bo`lsa-da, odamlar Navro`zni unutishgani yo`q. Har yili odamlar qanday sharoatda bo`lmasin, ota-bobolardan meros bo`lib kelayotgan bu bayramni nishonlashga harakat qilishadi.
Ming afsuski, ular Navro`zni o`q yomg`iri ostida, qochoqlar lagerlarida, o`ta nobop sharoitlarda nishonlashga majbur bo`lishmoqda. Navro`z bu gal ham butun olamga o`z ko`rku tarovatini yoyarkan, johil, bag`ritosh kimsalarni xunrezlikdan to`xtatishga, marhamatli, bag`rikeng, shafqatli bo`lishga undagandek bo`ladi.
Har qalay, notinch sharoitda ko`ngilda bayram shukuhi joy olishi qiyin. Bayramlar ham tinch yurtga ko`proq yarashadi. Faqat har birimiz bu bayramni xoh bog` va xiyobonlarda, xoh noz-ne`matga to`la dasturxon boshida kutib olaylik, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik, farovonlik uchun har qancha shukr qilsak arziydi.
Ozod va obod, tinch va osoyishta Vatanimiz yana bir Navro`zni quvonch, surur, tantana ila qarshi olayotir. Barchangizga bu go`zal bayram muborak bo`lsin, azizlar!
Rustam Jabborov