AsosiyJamiyat
12423

Kimning varragi balandroq uchdi?

'Kimning varragi balandroq uchdi?'ning rasmi

Bahorda osmonni to`ldirib shabadada sollanib uchayotgan varraklarni ko`rib zavqlanmaydigan odam bo`lmasa kerak. San`atkorlar bilan uyushtirilgan sayilimizda ham ko`pgina varrak ishqibozlariga ko`zimiz tushdi. Varrak yasayotgan “Surxon”, “Afruz”, “Benom” guruhlari, Tohir Usmonov, Jahongir Poziljonov, Botir Yaminovlarning varrak yasash va uni balandroq uchirish sirlarini bilishlarini sinab ko`rish maqsadida ijodkorlar o`rtasida musobaqa uyushtirdik.

Yigitlar ikki guruhga bo`linib ishga kirishishdi. “Surxon”, “Benom” guruhlari birinchi jamoani, “ “Afro`z”, Tohir Usmonov, Jahongir Poziljonov, Botir Yaminovlar ikkinchi jamoani tashkil etishdi.

Odil, “Surxon” guruhi vakili: — Varrakni qo`lga olganim zahoti, qishloqda o`tgan bolaligim yodimga tushadi. Surxon vohasining qirlarini to`ldirib bir guruh bo`lib varrak uchirar edik.

Botir Yaminov: — O`quvchilik paytimizda bahor kelishi bilan sinf rahbarimiz hammamizni yig`ib maktabimiz maydoniga olib chiqar va varrak yasattirar edilar. Sinfdoshlarim bilan birgalikda yasagan varraklarni kim o`zarga uchirardik.

Jahongir Poziljonov: — Hozirgi bolalarga oson, tayyor varraklarni sotib olib, uchirishadi. Ammo varrakni o`z qo`lingiz bilan yasashning zavqi boshqacha bo`ladi. Hozir keng dalada bahor shamolida varrak uchirgim kelib ketdi.

Tohir Usmonov: — To`g`ri aytasiz, Jahongir aka, qo`limga varrak tutganim zahoti shahar tashqarisiga chiqib tabiat qo`ynida mazza qilib yugurgim keldi. Varrakning sehri bor shekilli. Lekin shahar sharoitida ham vaziyatdan chiqish mumkin. Asosiysi daraxt va elektor simlaridan ehtiyot bo`lish kerak.

Xonandalar ijod va ishdan ortib, birgalikda milliy o`yinlarni o`ynishga kamdan kam vaqt ajratishlari sezilib turdi. Jahongir Poziljonov jamoasi varrak yasalish jarayonida biroz qiynalgan bo`lsa, “Benom” guruhi yigitlari uni shamolga qarshi uchirib ancha qiynalishdi. Ammo xonandalar ichida varrak uchirishning sirini yaxshi biladiganlar ham topildi.

VARRAK BALANDROQ UChIShINI TA`MINLAYDIGAN 3 QOIDA

1. Varrakning “dumi” qancha uzun bo`lsa, uning balandroq uchishiga shuncha yordam beradi.

2. Shamolning yo`nalishiga qarab uchirish juda muhim. Ana shunda o`ziningiz ham varragingiz shamol bilan birgalikda uyg`unlashib o`z-o`zidan balandlikka chiqaveradi.

3. Varrak balandalashi uchun ipni to`g`ri siltab turish ham muhim, shunda varragingiz shox tashlab, uzoq va baland uchadi.

Aliya Sulaymanova tayyorladi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar