AsosiyJamiyat
12272

Bahor hayotim sahifalarida...

'Bahor hayotim sahifalarida...'ning rasmi

Yurtimizga tashrif buyurgan yasharish va go`zallik fasli bilan bog`liq kechinmalar har birimizning ko`nglimizda bor. Shu sabab “aynan bahor sizning hayotingizda qanday o`rin tutadi, u bilan bog`liq qanday quvonchli xotirlaringiz bo`lsa, biz bilan bo`lishing”, deya san`atkorlarga murojaat qildik. Ularning javoblari esa quyidagicha...

BARINI YaNGITDAN BOShLASh IMKONI
Ulug`bek Rahmatullaev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist.

— Bahor men uchun go`yo bir qutqaruv. Hayot va ijodda o`ziga yarasha qiyinchiliklar bo`ladi. Bahor mana shu dilxiraliklarni unutib, barini yangitdan boshlash uchun bir imkonday tuyuladi. Bu faslning yoqimliligi shundaki, eng ko`p ijod qiladigan faslim. «Kapalak», «Layloyimsan», «Ona», «Qirmizi olma» kabi ko`plab «xit» qo`shiqlarimni ham klipi bilan aynan yangilishanish mavusumida taqdim etganman va natijasi ko`ngildagidek bo`lgan. Bahor bilan bog`liq xotiralarim bisyor. Eng hayajonlisi visol oqshomim ham aynan bahorda bo`lgan! To`ng`ich farzandim Fayzulloh ham bahorning birinchi kunida tug`ilgan.




TO`LAQONLI BAHORNI HIS ETISh BAXTI
Nilufar Usmonova, xonanda.

— Bahorni o`zgacha intiqlik bilan qarshi olaman. Birinchi sababi yasharish fasli – 6 aprelda tug`ilganman. Bu yilgi bahorning o`rni hayotimda alohida iz qoldirshi aniq! Boisi Xudo xohlasa, yangilani faslida to`rtinchi bor onalik baxtiga erishaman. Ushbu bahor 11 yildan buyon javobi topilmayotgan savolimga echim topdi. Gap shundaki, har bahor nimadir etishmayotgandek bo`lardi, biroq nima? Endi tushundim, bahorni onam – Yulduz Usmonovaning yangi ijod namunalaridan sarmast bo`lib qarshi olish baxti etishmayotgan ekan. Nasib bo`lsa, bu yil to`laqonli bahorni his qilaman! Tashqarida qanday fasl bo`lishidan qat`iy nazar, qalblarda hamisha bahor bo`lishini tilab qolaman.


BAHORDAGI SEVGI «KURTAGI»
DILSO`Z, xonanda.

— Bahor fasli hayotimda alohida o`rin egallaydi. Asosiy sabablardan biri 8 mayda tug`ilganman. Qolaversa, turmush o`rtog`im Farrux Raimov ham 18 mayda dunyoga kelgan. Bu quvonchli kunlarni bitta katta bayram sifatida nishonlashga odatlanganmiz. Hayotga “pushtirang ko`zoynak”da qarashim ham aynan sevgimiz bahorda «kurtak» yozgani bilan bog`liq. Daraxtlar gullab, tabiat o`zgacha ko`rinish kasb etganida o`sha shirin xotiralar «kitobi»ni qayta o`qishdan faqat va faqat zavqlanamiz. Baxtli tasodiflardan yana biri to`yimiz ham aynan bahorda – 15 va 21-aprelda bo`lgan.


YaNGILANISh FASLIDAGI QAT`IY QAROR
Sardor Rahimxon, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist.

— Eng sevimli fasllarimdan biri – bahor! Yasharish, kishiga umid, dilga quvonch bag`ishlaydigan, ijodkorlarni ilhom «pari»lari qurshab oladigan fasl bo`lgani uchun ham yaxshi ko`raman. Hayotimdagi eng unutilmas lahzalar ham aynan bahor bilan bog`liq. Aniqrog`i, rafiqam Ziyodani mart oyida uchratganimda, oila borasida aniq to`xtamga kelganman. Onajonim va rafiqamning ham tavallud kunlari aynan shu faslda.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar