O`zbekiston Respublikasi IIV Yo`l havfsizligi xizmati Bosh boshqarmasi YTH sodir etib, voqea joyida yashiringan holatlar xususida axborot berdi. Mazkur halokatlarda oqibati o`lim bilan tugagan hodisalar ham mavjud. Ehtimol haydovchi voqea joyidan yashirinmaganida mana shunday ayanchli hol kuzatilmasmidi...
2017 yil 11 mart kuni soat 14-00 larda tushgan xabarga ko`ra, shu kuni soat 12-00 larda Toshkent shahar, Chilonzor tumani hududida noma`lum haydovchi, «NEKSIA» rusumli avtomobilini boshqarayotib, piyoda Qashqadaryo viloyati, Yakkabog` tumanida yashovchi Ya.F.ni urib yuborib yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan joydan yashiringan. Oqibatda piyoda tan jarohati olib kasalxonaga yotqizilgan.
Olib borilgan qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida ushbu yo`l-transport hodisasini haydovchi Buxoro viloyati, G`ijduvon shahrida yashovchi R.K. shaxsiy «NEKSIA» rusumli avtomobilini boshqarayotib sodir etganligi aniqlanib, 12 mart kuni ushlangan.
Bundan tashqari 9 mart kuni soat 18-30 larda, Toshkent shahar, Chilonzor tumani hududida, noma`lum haydovchi, noma`lum transport vositasini boshqarayotib, piyoda Toshkent shahar, Uchtepa tumanida yashovchi Q.J.ni urib yuborib yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan joydan yashiringan.
Piyodaga kasalxonada tibbiy yordam ko`rsatilgan.
Olib borilgan qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida ushbu yo`l-transport hodisasini haydovchi Toshkent shahar, Shayxontoxur tumanida yashovchi I.A. shaxsiy «LASETTI» rusumli avtomobilini boshqarayotib sodir etganligi aniqlanib, 12 mart kuni ushlangan.
12 mart kuni soat 19-30 larda, Qashqadaryo viloyati, G`uzor tumani hududida, noma`lum haydovchi, noma`lum transport vositasini boshqarayotib, yo`lni kesib o`tayotgan velosipedchi, shu tumanda yashagan G`.B.ni urib yuborib yo`l-transport hodisasi joyidan yashiringan.
Oqibatda velosipedchi G`.B. tan jarohati olib kasalxonada vafot etgan. Olib borilgan qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida ushbu yo`l-transport hodisasini, haydovchi G`uzor tumanida yashovchi A.J. shaxsiy «VAZ-2107» rusumli avtomobilini boshqarayotib sodir etganligi aniqlanib, shu kuni ushlangan.
Yuqorida keltirilgan holatlar yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.