AsosiyJamiyat

​Prezident Shavkat Mirziyoev Yunusoboddagi Uvaysiy nomidagi mahalla sharoitlari bilan tanishdi

'​Prezident Shavkat Mirziyoev Yunusoboddagi Uvaysiy nomidagi mahalla sharoitlari bilan tanishdi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada bo`lib, bu erda fuqarolar yig`ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishdi.

Prezident profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot o`rnatishi, ko`chalar va jamoat joylarini qat`iy nazoratga olishi zarurligini ta`kidladi, deya xabar beradi O`zA.

Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari, imtiyozli kreditlar hisobiga mashinalar bilan ta`minlash, ularning yashashi va samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha zarur ko`rsatma va topshiriqlar berildi.

Markazda barpo etilgan turli kitoblar, kompyuterlar va internet, minglab elektron adabiyotlar bazasiga ega kutubxona aholining bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini keng yoyishda ayni muddao bo`lmoqda. Ko`rkam choyxona, novvoyxona, "Go`zallik salonlari", do`konlar, sport va bolalar maydonchalari odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlashga xizmat qilmoqda.

Mahalla ahli bir oila kabi ishonchli, mustahkam rishtalar bilan o`zaro uzviy bog`lanishi kerak, dedi Prezidentimiz. Buning uchun mahalla faollari, profilaktika inspektori har bir oila ahvolidan, quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo`lishi, o`zaro ahillik va hamjihatlik targ`ibotchisiga aylanishi lozim. Shundagina odamlar mahallaga kelib o`z fikrini, taklifini, dardini bemalol aytadi, muammosiga echim topadi.

Poytaxtimiz, qolaversa, mamlakatimizning barcha hududlarida mana shunday mahalla markazlari bunyod etish, aholi bilan doimiy muloqot o`rnatish, profilaktika inspektorlariga jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta`minlash, voyaga etmaganlar bilan samarali ishlashi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Boshqa yangiliklar